Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasining sil kasalligi boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilishiga raislik qildi
Shu yilning 19—26-sentabr kunlari Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasining umumiy muhokamasi doirasida silga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Ushbu format sogʻliqni saqlash sohasidagi davlat, hukumat rahbarlari va vazirlar ishtirokidagi yirik xalqaro tadbir boʻlib, silga qarshi kurashda oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan global vazifalarning strategik maqsadlarini aniqlashga qaratilgan. Forum 2018-yilda Bosh Assambleyaning birinchi shunga oʻxshash yigʻilishi tashkil etilganidan 5 yil oʻtib oʻtkazilmoqda. Keyingi uchrashuv 2028-yilda boʻlib oʻtadi.
Unda BMTga aʼzo 193 ta mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, sogʻliqni saqlash vazirlari, Bosh Assambleya raisi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (EKOSOS) rahbarlari, shuningdek, BMTning ixtisoslashgan idoralari, parlamentlar, xalqaro donorlar, fuqarolik jamiyati, ilmiy doiralar, tibbiyot birlashmalari va xususiy sektorning yuqori darajali vakillari ishtirok etishdi.
Yuqori darajadagi yigʻilishning birinchi yalpi sessiyasini Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov olib bordi. Vazir oʻz nutqida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida silga qarshi kurashish milliy tizimini tubdan modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 130 ming kishining hayoti saqlab qolindi, sil kasalligi bilan kasallanish 43 foizga, oʻlim darajasi 84 foizga kamaydi.
Oʻzbekiston Prezidentining joriy yil yanvar oyida qabul qilingan “2023—2026-yillarda ftiziatriya va pulmonologiya xizmatini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyati alohida taʼkidlandi. Hujjatda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish bilan bir qatorda latent sil kasalligiga qarshi skrining tekshiruvlari sonini yiliga 1 million nafarga yetkazish koʻzda tutilgan.
Tadbir yakunida aʼzo davlatlar Oʻzbekiston va Polsha muvofiqlashtiruvida ishlab chiqilgan Siyosiy deklaratsiyani bir ovozdan qabul qildilar. Mazkur hujjat BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh shtab-kvartirasida ham, xalqaro tashkilotlarning bosh idoralari joylashgan dunyoning boshqa shaharlarida ham oʻtgan yil davomida olib borilgan puxta tayyorgarlik ishlari va jadal davlatlararo muzokaralar natijasidir.
Hujjatda 2030-yilgacha silga qarshi global epidemiyaga barham berishni jadallashtirish boʻyicha aniq vazifalar oʻrin olgan. Xususan, 90 million aholini sifatli davolash va profilaktika tadbirlari bilan taʼminlash rejalashtirilgan. Ushbu jarayonda, 2023-2027-yillarda, shu jumladan 4,5 million bolalar, 1,5 million doriga chidamli sil bilan kasallangan bemorlar qamrab olinadi. Shuningdek, aʼzo davlatlar sil kasalligini global moliyalashtirishni 2027-yilga borib yiliga 5,4 milliard dollardan 22 milliard dollargacha va 2030-yilga borib esa 35 milliard dollargacha, yaʼni hozirgi darajadan toʻrt baravardan koʻproqqa oshirish majburiyatini oldilar.
Siyosiy deklaratsiya birinchi marta mamlakatlarning keyingi 5 yil ichida silga qarshi yangi vaksinani ishlab chiqish, ishlab chiqarish va foydalanishni boshlash maqsadlarini tasdiqlaydi. Hozirgi vaqtda sil kasalligini davolash uchun foydalanilayotgan “BSJ” yagona vaksinasi 100-yil oldin ishlab chiqarilgan. Mutaxassislarning fikricha, mazkur strategik hujjatning qayd etilgan qoidasi sil kasalligini bartaraf etishda jahon hamjamiyatining asosiy yutugʻidir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring