Oʻzbek qorakoʻl va jun mahsulotlari Janubiy Koreyadagi xalqaro koʻrgazmada namoyish etilmoqda

11:54 01 Aprel 2023 Madaniyat
1060 0

Foto: «Xalq soʻzi»

Janubiy Koreyaning Seul shahrida “International Fur and Leather Expo-2023” koʻrgazmasi oʻz ishini boshladi.

Unda “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga aʼzo moʻyna va jun mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻzlarining mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.

Trillion dollarlik bozorga ega Janubiy Koreya mezbonlik qilayotgan mazkur koʻrgazmada Oʻzbekistonning qorakoʻl va moʻyna mahsulotlari xalqaro bozor va hamkorlarga taqdim etilmoqda. Yangi kolleksiyalar jahon moʻyna ishlab chiqaruvchilarida katta qiziqish uygʻotmoqda.

Koʻrgazmaning dastlabki kunida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi hamda Xalqaro moʻyna federatsiyasining (IFF) prezidenti Jonnes Manakas oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Muloqotda Oʻzbek qorakoʻl va moʻyna mahsulotlarini xalqaro auksionlarga olib chiqish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha fikr almashildi. Shuningdek, IFF rahbari tomonidan qorakoʻl mahsulotlarini nafaqat MDH balki Yevropa bozorlariga olib chiqish boʻyicha takliflar bildirildi.

“GSP+” preferensiyalar tizimidan foydalangan holda Yevropa bozorlarida qorakoʻl va jundan tayyorlangan tayyor mahsulotlar auksionlarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Turkiyaning “Emelda” kompaniyasi esa Oʻzbekistondan qorakoʻl mahsulotlarini xarid qilishni rejalashtirmoqda. Milliy brendimiz “Asian Furs” kompaniyasi bilan boʻlib oʻtgan muzokaralarda turk kompaniyasi qorakoʻl mahsulotlarini Turkiya bozoriga yetkazib berish boʻyicha takliflarni ilgari surdi.

Muloqot chogʻida qorakoʻl mahsulotlarini sifati yuqori ekanligi, bugun bu turdagi tabiiy mahsulotlarga xalqaro moʻyna bozorida talab ortib borayotgani taʼkidlandi. Aprel oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan “UzCharmExpo – ShoesStar – EURASIA 2023” xalqaro koʻrgazmasida Oʻzbekiston va Turk kompaniyasi oʻrtasida eksport shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.

Seulda davom etayotgan koʻrgazma davomida, mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz Kanada, Janubiy Koreya AQSH kompaniyalari bilan qator muzokaralar oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер