O‘zbek madaniyatini targ‘ib etayotgan yoshlar

Fransiyaning “Sosete jeneral”, “Iv Roshe”, “Shnayder elektrik” kabi nufuzli kompaniya hamda tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbek yoshlari bir vaqtning o‘zida ushbu mamlakatning Sorbonna, Tillar va sivilizatsiyalar milliy instituti singari yetakchi ta’lim muassasalarida tahsil ham olishadi.
O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xorijda o‘qib ishlayotgan yoshlarimizga diniy-ma’rifiy sohalarda yurtimizda bugun kechayotgan islohotlar, qo‘shni mamlakatlar va jahon hamjamiyati bilan manfaatli hamkorlik, sayyohlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida mukammal ma’lumot berildi.
Shunisi quvonarliki, yoshlarimiz, garchi Vatandan olisda bo‘lsa-da, yurt mehri, qadim tariximizga ehtirom ruhida faoliyat olib borishayotir. Xususan, Farrux Yo‘ldoshev tomonidan asos solingan “Meros” fondi o‘zbek madaniyati targ‘iboti bilan shug‘ullanadi. Bu esa fransuz yoshlarini mumtoz adabiyotimiz bilan tanishtirishda qo‘l kelayotir.
— Elchixonamiz ko‘magida Parijda navoiyxonlik tadbirini o‘tkazganimiz ko‘ngildagi ish bo‘ldi, — deydi Farrux mamnunlik bilan. — Endilikda qadimiy tariximiz va mumtoz adabiyotimiz shaydolarini milliy qadriyatlarimizdan xabardor etib, o‘zbek tili to‘garagini tashkil qilishni rejalashtirayapmiz.
Uchrashuvda YuNESKOning Shveysariyadagi vakolatxonasi rahbari Bobur To‘xtaboyev ona-Vatanimiz oldida qarzdorlik hissi haqida to‘lqinlanib so‘zlagan bo‘lsa, Sorbonna universiteti bitiruvchisi Feruza Karimova Luvr muzeyida olib borayotgan faoliyati haqida gapirib berdi. Har yili 8 milliondan ziyod odamlar tashrif buyuradigan Luvrda Feruza qiziquvchilarni O‘zbekistonning maftunkor va boy madaniyati bilan tanishtirib boradi.
Shoyim BO‘TAYEV
tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring