Osiyoda yana bir qarama-qarshilik. Yakun qanday boʻladi?

Foto: Global Look Press
Shu yilning 24-iyulga oʻtar kechasi Tailand va Kambodja chegarasida bahsli hududda quruqlikdagi qoʻshinlar oʻrtasida toʻqnashuvlar boshlandi. Tailand hukumati Kambodjani mojaro qoʻzgʻatganlikda aybladi, keyinroq esa mamlakat harbiy-havo kuchlari qoʻshni davlat hududidagi nishonlarga zarba bergan.
Bangkok va Pnompen oʻrtasidagi keskinlikning yangi bosqichiga nima sabab boʻldi? Chegaradagi otishmalar yanada kuchayishi mumkinmi? Quyida shular xususida.
Tailand Tashqi ishlar vazirligining maʼlum qilishicha, Kambodja qoʻshinlari Tailand harbiy bazasini oʻqqa tutgan va tinch aholi manzillariga zarba bergan. Oqibatda tinch aholi orasida qurbonlar boʻlgan. Mamlakatning Surin provinsiyasi rahbari Suttxirot Charontanasak chegara yaqinidagi 86 qishloqning 40 mingga yaqin aholisi evakuatsiya qilinishini maʼlum qildi.
Bunga javoban Tailand harbiy-havo kuchlari Kambodjadagi nishonlarga zarba berdi va harbiy qoʻmondonlik qoʻshni davlatga qarshi operatsiya boshlanganini eʼlon qildi. Mamlakat qurolli kuchlari qoʻmondonligi Kambodjaga qarshi ogʻir qurollardan (granatomyotlar, tanklar, zirhli transport vositalari va artilleriya) foydalanish niyatini eʼlon qildi. Taʼkidlanishicha, oʻt ochishlar tinch aholiga zarar yetkazmaydi. Jangovar harakatlar “Chakrapxong Pxuvanat” hodisaga qarshi kurash rejasiga muvofiq oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻz navbatida, Kambodja rasmiylari hujumlarni qoralab, Tailand qoʻshinlari bostirib kirganini va Kambodja kuchlari faqat oʻzini himoya qilayotganini aytdi.
Oldinroq Tailand Kambodjani bahsli hududga mina qoʻyishda ayblab, uch askarni jarohatlagandi. Pnompen ayblovni rad etdi. Keyinroq Bangkok Pnompendagi elchisini chaqirib oldi va Kambodja Tailand elchisini mamlakatdan chiqarib yuborayotganini bildirdi.
Mojaroning ildizlari qayerda?
Yarim asrdan koʻproq vaqt davomida Tailand va Kambodja oʻzlarining 817 km quruqlikdagi chegaralari boʻylab demarkatsiya qilinmagan turli nuqtalarda suverenitet haqida bahslashib keladdi. Shu yilning 28-may kuni Tailand askarlari Kambodjaning Preaxvixea provinsiyasi va Tailandning Ubonratchatxani provinsiyasi oʻrtasidagi bahsli hududda Kambodja harbiy postiga qarata oʻt ochgach, bir askar halok boʻlgan va bir necha kishi yaralanganida keskinlik avj oldi. Shundan soʻng Pnompen va Bangkok bahsli chegara hududlarida harbiy ishtirokini kuchaytirdi.
Tailand va Kambodja oʻrtasidagi keskinlikning ushbu alohida holati Preaxvixea ibodatxonalari majmuasi hududidan boshlangan.
“Bu muhim madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan va butunlay Xmer sivilizatsiyasi doirasidagi maʼbaddir. BMT 1962-yilda u Kambodjaga tegishli ekanligini aniqladi. Biroq, maʼbadning mansubligi bir narsa, va aslida ancha keng boʻlgan maʼbad majmuasining hududi boshqa narsa. Shunday qilib, aslida maʼbad Kambodjaniki deb hisoblanadi, ammo u joylashgan hudud Tailand boʻlib qoldi. Maʼbad atrofidagi hududlarni chegaralashdagi qiyinchilik turli sabablarga koʻra avj olgan «yashirin mojaro”ni keltirib chiqaradi. Chegarada shunga oʻxshash holatlar 2008 va 2011-yillarda ham sodir boʻlgan», — deydi Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Janubi-Sharqiy Osiyo tadqiqotlari markazi rahbari Dmitriy Mosyakov.
U qoʻshimcha qilishicha, chegaralardagi mojarolar koʻpincha Tailand yoki Kambodjadagi ichki tartibsizliklar bilan bogʻliq. Hukmron doiralar hududiy nizolarni qoʻzgʻatmoqda va shu tariqa aholini chuqur ichki muammolardan chalgʻitishga harakat qilmoqda. Tailandda hozirda monarxiya, antimonarxiya, harbiy va fuqarolik kuchlari oʻrtasidagi qarama-qarshilikda ancha murakkab vaziyat yuzaga kelgan.
Keskinlik nimaga olib kelishi mumkin?
Katta ehtimol bilan, mojaro mahalliylashtiriladi va yaqin kelajakda bir necha haftadan bir necha oygacha boʻlgan ufq bilan sust bosqichga oʻtadi.
“Ikki davlatning siyosiy madaniyati va oldingi mojarolar tajribasi ushbu ssenariyni tasdiqlaydi. Biroq, u kun tartibidan butunlay olib tashlanmaydi, chunki bu Tailanddagi harbiylar va hokimiyatdan vaqtincha chetlatilgan Bosh vazir Fetongtan Shinavatra oʻrtasidagi ichki siyosiy kelishmovchiliklar tufayli yuzaga keldi”, — deydi sharqshunos Yekaterina Koldunova.
Bu fikrga siyosatshunos Dmitriy Mosyakov ham qoʻshiladi. Uning fikricha, yaqin kelajakda Kambodja va Tailand oʻrtasida yirik harbiy mojaro kutilmasligi kerak.
“Har ikki davlat ham bunday qarama-qarshiliklarni tugatish tajribasiga ega. Oʻylaymanki, mamlakatlar vaqtinchalik kelishuvga erishib, tarqalib ketishadi”, — deydi Mosyakov.
Siyosatshunos Dmitriy Solonnikovning aytishicha, mintaqada tartibsizliklar avj olayotgani, turli kuchlarning vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlari yaqqol sezilmoqda. Biroq, shu paytgacha Kambodja va Tailand oʻrtasidagi bunday toʻqnashuvlar juda tez yakunlangan va bu safar ham xuddi shunday natijani kutishimiz kerak. Bular yadroviy kuchlar emas... Hozircha jahon hamjamiyati ham bu jiddiy mojaroga aylanishini kutmayapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring