Oriyatni unutmang, otalar!
Otani oilaning ustuniga qiyoslashadi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki oilaning moddiy taʼminoti, ayniqsa, farzandlarning yaxshi taʼlim va tarbiya olishi uchun yetarli shart-sharoit yaratish eng avvalo otaning zimmasidagi masʼuliyat, shu bilan birga, qonuniy majburiyat ham hisoblanadi. Hech bir bahona yoki sabab uni bu majburiyatdan ozod etmaydi.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96-moddasiga muvofiq, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga taʼminot berishi shart. Buni ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrugʻiga asosan aliment undiriladi. Ammo oriyatni unutgan shunday insonlar ham borki, nafaqat oʻz farzandlari oldidagi otalik masʼuliyati, balki qonuniy majburiyatini ham bajarishmaydi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda bu holat odat tusiga kirib borayotgani afsuslanarli.
Ayni paytda Qashqadaryo viloyatida 36 mingdan ortiq fuqaroga nisbatan aliment toʻlovlarini undirish bilan bogʻliq ijro hujjatlari yuritilmoqda. Joriy yilning dastlabki uch choragi davomida viloyatdagi Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻrilgan nizolarning qariyb 39 foizini ajrim va aliment majburiyatini belgilash bilan bogʻliq nizolar tashkil etgan.
Eng achinarlisi, hisobot davrida viloyatdagi Jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 90 nafar shaxs avval maʼmuriy javobgarlikka tortilganidan tegishli xulosa chiqarmasdan, yana alimentni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlagani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu turdagi jinoyatlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 18 taga ortganini koʻrsatadi.
1993-yilda Qamashi tumanida tugʻilgan, tumanning Qoratepa mahallasida yashagan Anvar Fayziyevni ham (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) ana shunday otalar sirasiga kiritish mumkin. Anvar 2015-yilda qoʻshni mahallalik Shahrizoda ismli qiz bilan turmush qurgan. Avvaliga ular tinch-totuv, ahil-inoq yashashdi. Uch yil ichida ikki farzandli boʻlishdi. Oila kattalashib sarf-xarajatlar salmogʻi orta boshlashi bilan Anvar oila boqish masʼuliyatini his etmadi. Topgan pulini ichkilikka sarflab, har kuni ulfatlari bilan bazmu jamshid uyushtirib yuraverdi. Ayol uchun esa ikki bolaning qornini toʻydirish ham muammoga aylandi. Natijada er-xotin oʻrtasida turli nizolar, janjallar kelib chiqdi.
Bu gʻavgʻolarning nihoyasi esa ajrim bilan yakun topdi. Shahrizoda farzandlarini olib ota uyiga ketdi. Lekin bu yerda ham baribir roʻzgʻor yuki oʻzining zimmasiga tushdi. Moliyaviy tomondan qiynala boshlagach, farzandlarining taʼminoti uchun sobiq turmush oʻrtogʻidan aliment undirib berilishini soʻrab sudga murojaat etdi. Sud uning murojaatini qanoatlantirdi. Adham Fozilovdan ikki nafar voyaga yetmagan farzandining taʼminoti uchun sobiq turmush oʻrtogʻi foydasiga oylik ish haqining uchdan bir qismi miqdorida aliment undirilishi belgilandi.
Biroq Anvar oʻz farzandlarining taʼminoti uchun aliment toʻlashdan boʻyin tovladi. Majburiy ijro byurosi tuman boʻlimi xodimlarining qayta-qayta tushuntirishlari, ogohlantirishlari ham unga kor qilmadi. Shundan soʻng bu haqdagi tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ish sudga oshirildi. Jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tumani sudining 2024-yil 23-dekabrdagi tegishli qaroriga asosan Adham Fozilovga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi. Biroq jazoni oʻtab qaytgach ham turli bahonalarni roʻkach qilib, belgilangan alimentni toʻlamadi. Natijada yana sudning “qora kursi”siga oʻtirdi.
2025-yilning 20-oktyabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Qamashi tumani sudining ochiq sud majlisida Anvar Fayziyevning qilmishi koʻrib chiqilib, unga nisbatan bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Ha, oʻz pushti kamaridan boʻlgan bolalarining taʼminotidan qochib, yillab umri tergov, sud idoralari-yu, jazoni oʻtash muassasalari oʻrtasida kechadigan Adham Fozilov kabi insonlar ham bor oramizda. Biroq oʻzining otalik burchini, masʼuliyatini, oriyatini unutgan bunday insonlar qonunlardan qochib qutula olmaydi. Ular har qanday holatda ham zimmasidagi aliment majburiyatini bajarishga majbur. Bu ishdan boʻyin tovlash esa kelgusi safar yanada ogʻirroq jazolarga sabab boʻlishi muqarrar.
Jahongir BOYMURODOV
(«Xalq soʻzi»).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring