Organik paxta – koni foyda

15:14 23 Fevral 2023 Jamiyat
574 0

Foto: Xalq so‘zi

Organik paxta va undan tayyorlangan ip-kalavaning qiymati baland. Bunga Buxoro viloyati Olot tumanidagi «Parvoz Xumo Ravnaq Trans» masʼuliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari oʻz tajribalari misolida ishonch hosil qildilar.

Gap shundaki, mazkur MCHJ negizidagi “HAJ TEX group” korxonasi tomonidan uch ming gektar yerda ilk bor organik paxta yetishtirilgan edi. Taniqli seleksioner olim Auxat Battalov yaratgan va yillar sinovidan oʻtgan «Buxoro -6» gʻoʻza navi bu borada ham oʻzining eng yaxshi xususiyatlarini namoyon etdi. Natijada ushbu organik paxta GOTS xalqaro standarti doirasida sertifikatlandi. Bu hujjat paxtani yetishtirishdan tortib, uni tayyor mahsulotga aylantirishgacha boʻlgan jarayon tamoman organik tarzda amalga oshirilishini kafolatlaydi. Korxona buning samarasida mahsulotini, aniqrogʻi, ip-kalavani Yaponiyaga ikki baravar qimmat narxda sotishga muvaffaq boʻldi.

Bu dalil organik paxta yetishtirish jahon bozoriga kirish imkoniyatini kengaytirishini, qoʻshimcha qiymatli milliy mahsulot ishlab chiqarish sari yoʻl ochishini koʻrsatadi. U tuproq tarkibining yaxshilanishiga, atrof-muhit tozaligiga xizmat qiladi. Chunki gʻoʻza zaharli ximikatlarsiz faqat mahalliy oʻgʻit bilan oziqlantiriladi. Bunday paxtani qayta ishlash jarayonida tayyorlangan mahsulotlar esa ekologik toza sanaladi. Qolaversa, dunyoda bunday tabiiy, xavfsiz xoʻjaligi mahsulotlariga talab oshib borayotganini eʼtibordan soqit qilib boʻlmaydi.

Darvoqe, “CONTROL UNION” xalqaro sertifikatlash tashkiloti «Oʻztoʻqimachiliksanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda mamlakatimiz paxta – toʻqimachilik klasterlarida yetishtirilgan organik paxtani sertifikatlashtirish ishlarini olib bormoqda, tashkil etilayotgan seminarlarda agronom, entomolog, oilaviy pudratchi va boshqa mutaxassislar organik paxta yetishtirishga oid zarur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlyaptilar.

Maʼlumot tariqasida yana shuni taʼkidlash lozimki, “BCT CLUSTER” xorijiy korxonasi tarkibiga kiruvchi “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS ” masʼuliyati cheklangan jamiyati Buxoroda ilk bor organik paxta yetishtirishni yoʻlga qoʻygandi.

Istam IBROHIMOV,  «Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?