Oʻqituvchi mehnati oʻquvchi muvaffaqiyatida koʻrinadi
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Poytaxtimizdagi adiblar xiyobonida yigirmadan ortiq atoqli adiblarimizning haykallari saf tortib turibdi. Shular qatorda qoraqalpoq elining suyukli shoiri Ibroyim Yusupov haykali ham oʻrin olgan. Nukus shahrida Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabining qurilishi ham aynan, Prezidentimiz tashrifida ilgari surilgan tashabbusdir. Hozirda mazkur ijod maktabida bilimli, iqtidorli oʻquvchilar taʼlim olmoqda.

Maktabda oʻquvchilarning chuqur bilim olishi uchun barcha sharoit mavjud. Jumladan, yosh tarjimonlar, veb-dizayn, kompyuter grafikasi, tasviriy va raqamli sanʼat, audiovizual asarlarni yaratish va qayta ishlash, aktyorlik mahorati kabi toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ijod maktabi oʻquvchilari turli koʻrik-tanlovlarda sovrinli oʻrinlarni egallamoqda.

— Joriy yilda 10 ta sinfda 190 nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda, — deydi Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabining ixtisoslik fanlari boʻyicha direktor oʻrinbosari Zulfiya Satbayeva. — Oʻquvchilarga oʻttiz nafardan ortiq yuqori malakali oʻqituvchilar interaktiv tarzda chuqurlashtirilgan bilim bermoqda. Ijod maktabimizga tumanlardan kelib tahsil olayotgan oʻquvchilar uchun 160 oʻrinli yotoqxona mavjud. Joriy yilda 33 nafar oʻquvchi bitiradigan boʻlsa, ularning 5 nafari ingliz tilidan S1, B2, bir nafar oʻquvchi yapon tilidan xalqaro darajadagi sertifikatlarni olishga muvaffaq boʻldi.

Albatta, oʻqituvchining mehnati oʻquvchilarning muvaffaqiyatida koʻrinadi. Mazkur ijod maktabidan fanlar olimpiadasida Qutlibika Bazarbayeva, Aruna Tashkentbayeva, Gulnisa Jumabayeva, Doniyor Muratbayev faol ishtirok etib, faxrli 1-2-3- oʻrinlarni qoʻlga kiritdi. Fanlar olimpiadasining IV respublika bosqichida qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan 11-sinf oʻquvchisi Gozzal Reypnazarova 2-oʻrinni, 11-sinf oʻquvchisi Guldana Qidirbayeva faxrli 3-oʻrinni egallashdi. Maktab oʻz nomiga yarasha yosh ijodkorlarni yetishtirib chiqarishda oʻziga xos tajribaga ega. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan “Ijod bogʻidan guldasta” nomli toʻplamda 12 nafar oʻquvchining kitobi chop etildi. Yaqinda Agentlik va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikdagi “Mening birinchi kitobim” loyihasida 9-sinf oʻquvchisi Nurdana Bisenbayevaning toʻplami ham nashrdan chiqarildi. U ijod maktablari oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan “Ijodiy olimpiada”da faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Ibroyim Yusupovning ijodi qoraqalpoq sheʼriyati, adabiyotida azim chinorga qiyoslanadi. Nukusning markaziy koʻchalarining birida joylashgan mazkur ijod maktabi oldida shoir Ibroyim Yusupovning haykali oʻrnatilgan. Atoqli shoir Qoraqalpogʻiston Respublikasi madhiyasining muallifidir. Adib ixlosmandlari uning sheʼrlari va dostonlari, hikoya va pyesalari, dolzarb publitsistikasi bilan yaqindan tanish. U Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiridir, qoʻsha-qoʻsha orden va medallar sohibi, Oʻzbekiston Qahramoni, Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori hisoblanadi. Koʻp yillar mobaynida Oʻzbekiston hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Majlislari deputatligiga saylangan. Ayni paytda mazkur ijod maktabining yoshlari ham olamshumul kashfiyotlari, noyob ijodlari bilan oʻz yurtini dunyoga tanitmoqda. Ibroyim Yusupov ijodining maʼnaviy boyligi qanchalik yuksakligini Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov oʻz bitiklarida ham ifodalagan:
Kimdir qayta nasib etsa gar dunyo,
Bundoq yashardim deb nadomat etdi.
Kimgadir bu armon kerakdir,
Ammo Ibroyim Yusupov bir kelib ketdi...
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring