Omonatga xiyonat
Temur Eshboyev/“Xalq soʻzi”. Bu voqea qariyb yuz yil muqaddam Seleziyada sodir boʻlgan. Oy-kuni yaqin homilador ayol vafot etgach, tobut koʻtargan azadorlar undan chaqaloq yigʻisini eshitib, dahshatga tushadi. Ona yuragi oxirgi bor talpinib, soʻnggi manzilning soʻnggi yoʻlida oʻz onalik burchini uddalaydi.
Haqiqatan ham inson tabiatning betakror moʻjizasi. Uning imkoniyat, salohiyat, karomat-u qudrati xususida bundayin aql bovar qilmas misollarni minglab keltirish mumkin. Shu inson tufayli ona sayyoramizda mazmun, bu oʻtkinchi dunyoga bir uyum tuproqdan iborat husnbuzar yasash uchun kelib ketmaslikdek hayot falsafasi jamlangan. Binobarin uning cheklangan muhlat ichida yashashining iroda qilingani ham, keksalarimiz taʼkidlaganidek tanadagi jon omonatligi ham bor gap. Kimning omonati?! Unga xiyonat nimadan iborat.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy shahridagi 30 – umumtaʼlim maktabining 8-sinf oʻquvchisi oʻz joniga qasd qilganligi haqidagi xabar tarqalib, bu bir yil davomida ushbu maktabdagi toʻrtinchi holat deya iddao qilinmoqda. Oʻtgan oy ikki yurtdoshimiz – ikki onaning oʻzi va farzandlari joniga qasd qilganligi haqidagi xabarni chop etishdi. Toʻgʻri, oʻz joniga qasd qilish holati barcha davlatlarda, barcha davrlarda uchrab turadigan holat. Kimdir ularni ruhiy xastalikning koʻklam xuruji, kimdir yoshlikning “romantika”si, yana birov qismatga yoʻymoqda. Mazkur holatlarning barchasida hatto egasiga ham inson hayoti daxlsizligi omili turibdi. Xalqimizda marhumlar haqida yomon fikrlar bildirmaslik aqidasi mavjud.
— Oʻz joniga qasd qilib, oʻz hayotiga nuqta qoʻyish inson tomonidan sodir etilgan eng ogʻir jinoyat, — deydi Navoiy viloyati bosh imom xatibi Tohir Roʻziyev. — Muqaddas dinimizda bu jinoyat hukmi — gunohi kabira etib belgilangan.
Alloh taoloning gunohkor bandalari uchun tavba eshiklari doimo ochiq. Biroq oʻz joniga qasd qilgan bandasiga nisbatan bu eshik tamomila yopiladi. Chunki gunohi kabirani sodir etgan kishining hayoti shu harakati tufayli tugab, u qotillik bilan barobar qilingan. Bir soʻz bilan aytsak, dinimizda inson xoh oʻzini, xoh birovni hayotdan mahrum etsin gunohi bir xil kabira hisoblanadi. Inchinun, bir kishini nohaq oʻldirgan odam barcha insoniyatni oʻldirgan, bir kishiga hayot baxsh etgan odam butun insoniyatga hayot bagʻishlagan bilan teng koʻriladi.
Hadisi shariflarda oʻz joniga qasd qilish ogʻir gunoh amallardan biri ekanligi bildirilib, Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Paygʻambar s.a.v. aytdilar: “Sizlardan ilgari oʻtganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib, pichoq oldida, qoʻl(tomiri)ni kesib tashladi va koʻp oʻtmay qon yoʻqotib vafot etdi. Alloh: “Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim...”.
Ozgina uqubat, jindek tashvish va musibatga chidolmay oz joniga qasd qilish nodonlikdir. Inson bu amali bilan hech qachon musibatdan qutulolmaydi, bilaks qiyomatda undanda achinarli holatlarga tushadi. Zero, Sobit ibn Zahhokdan rivoyat qilinishicha: Rasululloh s.a.v. aytdilar: “... Kimki oʻzini biron narsa bilan oʻldirsa, qiyomat kunida oʻsha narsa bilan azoblanadi”.
Umr juda oz muddatga berilgan imkoniyat, sinov dunyosi. Sinov soʻziga bejiz urgʻu bermadik, shu muddatda ruh sinaladi, toblanadi. Shu kecha-kunduz oliy oʻquv yurtlariga kirish istagidagi yoshlarni kuzatmoqdamiz. Kitob ustida tunlar tongga ulanmoqda. Tayyorlanish jarayonlarida ularda avvallari hech duch kelmagan sabr-u qanoat va intilishni koʻrib, har qanday loqayd kishi ham tasanno aytishi shubhasiz. Bu yoshlar oʻz hayotida tub burilish yasash sinovi oldidan oʻz bardoshi va matonatini avvalo imtihondan oʻtkazmoqda. Hayotning esa har bir kuni imtihon. Bu imtihonlardagi oʻzni tutish taqsir taʼkidlaganidek insonning nafaqat bu foniy dunyo, balki oxiratdagi maqomini ham belgilaydi.
Soʻz inson oʻz joniga qasd qilish xususida ketarkan, albatta muhit, atrofdagilar, mutasaddi shaxslar beparvoligi yoxud eʼtiborsizligi kabi omillar ham bor. Tabiiyki ular ham oʻz aybiga yarasha javob beradi. Shu oʻrinda aniq bir misolga oʻtsak. Bu voqea Qiziltepa tumanida sodir boʻlgan. Qaynona, qaynsingillar hamda erning feodallarcha munosabatiga chidolmagan kelin oʻz joniga qasd qilib, bu yorugʻ olamni tark etadi. Aybdorlar qilmishiga yarasha jazosini olishdi. Mahalla faollari, qarindoshlarning yuzi shuvut. Ikki norasida goʻdakni chirqiratib, guldek umrini xazon qilgan marhumga bundan ne foyda. Donishmandlar bu holatni insonning oʻz irodasi qarshisida ojizligi deya taʼriflaydi.
— Mashaqqatga duch kelganda uni yengish kishi ruhini toblaydi, — deydi falsafa fanlari doktori Nigora Safarova. — Inson hayotining umri davomida bir maromda osuda kechmasligi tabiiy jarayon. Oddiy kishilar, buyuk alloma va sarkardalar hayotidan bunga yuzlab misollar keltirish mumkin. Koʻp uzoqqa bormay, oʻtgan asrning oʻziga razm solsak, ota-bobolarimiz sobiq tuzumning qanchadan-qancha uqubatlarini boshdan kechirmadi. Shunday boʻlsada, sabr va matonatli mehnat bilan barcha ogʻirliklarni yengganlar. Bugun oʻsha muammolar barchasi yechilgan, yeyish-ichish, huzur-halovatda deyarli muammo yoʻq. Afsuski, oʻz joniga qasd qilish holatlari kamaymayapti. Ularni tahlil etarkansiz, oddiy oilaviy mojarolar yoki yoshlarning hoy-u havasi oqibati ekanligiga guvoh boʻlasiz. Ming afsuski, biz koʻpincha mana shu oqibatga eʼtibor qaratmoqdamiz. Illatning oldini olish, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklardan xulosa chiqarish borasidagi tadbirlarimiz hamon mavsumbozlikdan iborat.
Bugun hayotimizni internet tarmogʻisiz tasavvur etishimiz mushkul. Turli xabar, maʼrifiy va koʻngilochar saytlar allaqachon hayotimiz kundalik meʼyorlaridan biriga aylanib ulgurdi. Afsuski, ijtimoiy tarmoqlarda maʼrifat bilan bilan birga, zulm va zulmkorlik ham tarqatilmoqda. Xususan, oʻz joniga qasd qilishning turli yoʻllarini targʻib etuvchi, oʻrgatuvchi va daʼvat etuvchi tarmoqlarning ham mavjudligi bugun insoniyatni tashvishga solmoqda. Ayniqsa, oʻz joniga qasd qilishning zulmkorlar tomonidan ishlab chiqilgan “koʻk kit” degan turining ogʻriqlari hali tuzalgani yoʻq. Ming shukrki, mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu mamlakatimizda ommalashmadi. Biroq internet va axborot kommunikatsiya tarmoqlari shiddat bilan rivojlanib borayotgan ekan, u boʻlmasa boshqasi, bugun boʻlmasa, ertaga yoshlarimizga tuzoq qoʻyishi tayin. Afsuski, shunday “epidemiya”ga qarshi biror bir joʻyali profilaktik chora yoki “vaksina”miz mavjud emas.
Taʼkidlash joiz, oʻz joniga qasd qilish holatlari koʻp mamlakatlarda yopiq mavzu hisoblanadi. Yaʼni “tabu” — taqiq qoʻllaniladi. Mutaxassislar uni “teskari samara” berishidan hayiqish bilan izohlaydi. Boisi oʻz joniga qasd qilishga moyil inson bunday xabar va xabardorlikdan yanada ruhiy tushkunlikka tushishi, oʻzini oʻsha marhum bilan solishtirishi va xulosaga kelishi, “ibrat”olishi mumkin. Shu sabab rivojlangan mamlakatlarda oʻz joniga qasd qilishga moyil shaxslarga ruhshunos yordamini beruvchi saytlar, markazlar, anonim xizmatlar tashkil etilgan. Moyil shaxslarda kuzatiladigan dastlabki belgilar doimiy ravishda ota-ona va yaqin qarindoshlar uchun berib boriladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi har qanday daʼvat maxsus “virus”lar orqali zararsizlantiriladi. Taassufki, mazkur maqolani tayyorlash jarayonida ushbu profilaktika tadbirlarining mamlakatimizdagi ahvoli bilan qiziqib, ijtimoiy tarmoqlarni titarkanmiz, biror tadbirga duch kelmadik. Vaholanki, insonning oʻz joniga qasd qilishi kishi ruhiyatidagi muammolar oqibati ekanligi bugun sir emas.
Aytishlaricha, Jaloliddin Rumiy hazratlari bolalik chogʻi tengqurlari bilan oʻynab yurganida ularning tomdan-tomga sakrash shoʻxliklariga qoʻshilmaydi. Uni jurʼatsizlikda ayblashlariga javoban esa “tomdan-tomga sakrash mushuklarning ishi, agar tanda quvvating boʻlsa osmon tomiga sakragil”, deya daʼvat etadilar. Demak inson oʻz oldiga buyuk maqsadlarni qoʻyib, intilsa unga erishmoqlik muqarrarligini Rumiy hazratlari isbotlab berdilar. Donishmand deydi; agar ishing yurishmasa harakat qil, yana yurishmasa koʻproq harakat qil, baribir ishing yurishmasa unda sen uchun bir yoʻl qoladi, u ham boʻlsa harakatdir. Ha, dunyo, yaratilgan oʻn sakkiz ming olam harakatdan iborat. Uning bir murvatchasi ekanmiz harakatimizni oʻzimiz toʻxtatish nodonlikdir. Insoniyat ming-ming yillardan buyon umrni uzaytirish ustida bosh qotirmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring