“Olot” chegara bojxona posti tubdan yangilandi

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Turkmaniston Respublikasi orqali “Olot” chegara bojxona postiga kirib kelgan kishi Minorai Kalon, Somoniylar maqbarasi kabi qator obidalarning kichik qiyofadoshini koʻrib beixtiyor koʻhna Buxoroning nafasini tuyadi. Hududdagi obodonchilik, bunyodkorlik ishlari doirasidagi bu meʼmoriy yechim mamlakatimizga qadam qoʻygan xorijliklarda oʻzgacha taassurot uygʻotmoqda.
— Olot tumanida istiqomat qiluvchi qarindoshlarimiznikiga kelayapman, — deydi oʻzini Ayna Aganiyozova deya tanishtirgan mehmonlardan biri. — Bojxona postida qad rostlagan mana bu tarixiy obidalarning nusxalariga qarab yuragim hapriqib ketdi. Qarindosh urugʻlar bilan anchadan buyon uchrashmagan edim. Diydorlashuv yaqinligidan hayajondaman. Muhimi, guvohi boʻlganingizdek bu maskan orqali Oʻzbekistonga hech bir ovoragarchiliksiz kirib kelyapmiz.
— Deyarli har oy shu postdan oʻtaman, — deydi turkiyalik yuk avtomobili haydovchi Boz Baris. — Postga yaqinlashganimda koʻhna Buxoroni tomosha qilgandek boʻlaman. Muhimi, bojxonada xizmat koʻrsatish sifati yuqori darajada. Yukni koʻrikdan oʻtkazish va boshqa amallar uchun nari borsa 30–40 daqiqa vaqt sarflanadi.
Suhbatdoshimiz vaqt masalasiga toʻxtalgani bejiz emas. Bir paytlar respublikamiz hududiga kirib keladigan yoki tranzit tarzda oʻtib ketadigan yuk mashinalari turnaqator tizilar, koʻrikdan oʻtgani sutkalab navbat kutishga majbur boʻlinardi. Endilikda shu holga batamom barham berildi. Bu avvalo, infratuzilmaning rivojlangani bilan bogʻliq. Deylik, yuk avtomobillari oʻta aniqlikda ishlovchi “aqlli” kompyuterlar vositasida bojxona koʻrigidan oʻtkazilayapti. Terminalda elektron navbat tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Darvoqe, bu yerda muqobil energiya manbalaridan ham oqilona foydalanilmoqda. Chunonchi, 1 milliard 100 million soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga quyosh panellari oʻrnatildi. Sarf-xarajat yetti yilda oʻzini qoplashi kutilyapti.
— Ushbu maskan uchta yoʻnalishda tun-u kun uzluksiz ishlamoqda, — deydi Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Asror Muqimov. — U Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 25-maydagi tegishli qaroriga asosan tashkil etilgan. Bojxona posti Oʻzbekiston va Turkmaniston Respublikalari oʻrtasida davlat chegaralari orqali oʻtish punkti vazifasini oʻtab kelyapti. Davlatimiz rahbarining “Bojxona maʼmurchiligini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, maskanda juda katta hajmda qurilish-bunyodkorlik yumushlari bajarildi. Bojxona posti yoʻliga temir-beton qoplama yotqizildi. Qariyb 27 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga xalqaro andazalarga javob beradigan yoʻllar barpo etildi. Shuningdek, bojxona postining terminali qad rostladi. Mazkur terminal mingdan ziyod yuk avtomashina sigʻimiga ega avtoturargoh, bojxona ombori, markaziy bino, mehmonxona, savdo markazlari, oshxonalarni oʻz ichiga oladi.
Bizga maʼlum qilishlaricha, terminalning toʻla quvvat bilan ishlashi evaziga 150 nafar fuqaroning bandligini taʼminlash imkoni tugʻilmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar oʻz natijasini koʻrsatayapti. Maskan orqali fuqarolarning harakati oʻtgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 51143 kishiga koʻpaydi. Davlatimiz iqtisodiy xavfsizligi, chegaralarimiz va fuqarolarimiz daxlsizligi yoʻlida kunni tunga ulab mehnat qilayotgan bojxona organlari xodimlari tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 24 milliard soʻmlikdan ziyod tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyildi.
Darvoqe, viloyat bojxona boshqarmasi shu maskanga press-tur tashkil etdi.Jurnalist va blogerlar “Olot” chegara bojxona posti infratuzilmasini rivojlantirish, odamlar va tovarlar oqimi uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdilar va oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga atroflicha javob olishdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring