Oliy taʼlimdagi islohotlar xalqaro reytinglarda boʻy koʻrsatmoqda

20:42 16 Dekabr 2021 Jamiyat
1099 0

Bugun shiddat bilan yangilanib borayotgan davr barchamizni yangilanishlar sari daʼvat etar ekan, endilikda oʻzligimiz, ishimiz, salohiyatimizga, tajriba va natijamizga ham berilayotgan baho mezonlari ham tobora ortib, talablar sifat sari balandlamoqda.

Zero, zamon ham ushbu talablarga monand ravishda bizdan strategik rejalar asosida ish tutishni, uzoqni koʻra bilishni, davr bilan hamnafas emas, undan kamida besh yil oldin harakatlanishni taqozo etyapti.

Aytish kerakki, soʻnggi besh yil ichida oliy taʼlim tizimiga tatbiq etilgan islohotlar samarasi bugun oʻz natijalarini bera boshlagani barcha sohalarda oʻz ifodasini topmoqda. Bu tizimdagi oʻzgarishlar, amaliy ishlar koʻlami, islohotlar mevasi nafaqat mamlakat miqyosida balki, xalqaro maydonda ham bugun boʻy koʻrsatmoqda.

Haqli ravishda taʼkidlash joizki, bugun Yangi Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytingdagi koʻrsatkichlari ham yangicha yoʻnalishda taraqqiy etayotir.

Xususan, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan soʻnggi uch yilda Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq respublikadagi kamida 10 ta oliy taʼlim muassasasini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga, shu jumladan, Oʻzbekiston milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta oʻrindagi oliy taʼlim muassasalari roʻyxatiga kiritish maqsadida xalqaro reyting koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha tizimli va manzilli ishlar olib borilmoqda.

Buning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekistonning toʻrtta oliy taʼlim muassasasi “Quacquarelli Symonds” xalqaro agentligining 2022-yil uchun eng yaxshi universitetlar reytingida koʻrsatkichlar boʻyicha oʻz natijalarini yuqori pogʻonalarga olib chiqqanligida yaqqol koʻrinadi.

QS World University Rankings EECA, yaʼni Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari reyting natijalariga koʻra, Oʻzbekiston milliy universiteti oʻtgan yili 351+ oʻrin olgan boʻlsa, 2022-yil uchun eʼlon qilingan reytingda 100 pogʻona yuqoriga koʻtarilib, 251+ oʻrinni egalladi.

Bundan tashqari, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti 211+ oʻrin bilan oʻtgan yilgi natijalardan 40 pogʻona yuqoriga koʻtarildi. Toshkent davlat texnika universiteti va Samarqand davlat universitetlari oʻtgan yilgi 351+ oʻrinni saqlab turishibdi.

Shu oʻrinda ortga nazar tashlaydigan boʻlsak, bundan 3 yil avval xorijiy ekspertlar tomonidan respublikaning 10 ta oliy taʼlim muassasasi (OʻzMU, TIQXMMI, TDTU, TATU, SamDU, TDAU, UrDU, TTA, Turin politexnika universiteti, QQDU) tanlab olinib, ularning Times Higher Education va QS bazasida tegishli profillari yaratilgan edi.

Yuqoridagi koʻrsatkichlar asosida xulosa qilish mumkinki, bugun yurtimizdagi barcha oliy taʼlim muassasalari xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytinglari roʻyxatiga kirish uchun raqobatga kirishgan va dunyoning kuchli 1000 va 500 universitetlari qatoridan joy olish uchun oʻz rejalariga, chora-tadbirlariga ega.

Bu borada Fargʻona davlat universiteti ham kundan-kunga xalqaro hamkorlik sari yangi qadamlar tashlagan holda, milliy taʼlim sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, shuning barobarida, oliy taʼlimni Yangi Oʻzbekistonga xos va mos tizimga aylantirishni oliy maqsad qilib belgilagan.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер