Oliy Majlis Senati Raisi tashrif doirasida Belarus Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi bilan uchrashdi

19:34 14 Noyabr 2025 Siyosat
332 0

Dushanbe shahriga amaliy tashrif doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv chogʻida Natalya Kochanova Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi munosabatlar keyingi yillarda izchil va barqaror rivojlanayotganini taʼkidladi. Bu jarayon ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va izchil saʼy-harakatlari samarasi ekanligi qayd etildi.

2026-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Toʻrtinchi Oʻzbekiston-Belarus parlamentlararo forumiga tayyorgarlik masalalarini batafsil muhokama qilindi. Kelgusi forum doirasida parlamentlararo komissiyaning navbatdagi majlisini, yoshlar parlamentlari hamda ilm-fan vakillari uchrashuvlarini, tadbirkor ayollarning biznes muloqotini va milliy mahsulotlar koʻrgazmasini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, forumning ustuvor yoʻnalishlari sifatida qishloq xoʻjaligi, tibbiyot va farmatsevtika, IT-texnologiyalar, taʼlim sohasidagi hamkorlik, hududlararo aloqalarni kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash hamda yoshlar tashabbuslarini rivojlantirish belgilab olindi.

Uchrashuv yakunida kelgusi parlamentlararo forumni samarali tashkil etish va uning doirasida amalga oshiriladigan tashabbuslarning aniq natijadorligini taʼminlash maqsadida tomonlar oʻrtasida qoʻshma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?