Oliy Majlis palatalari Kengashlarining navbatdagi qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi

16:45 18 Iyun 2022 Siyosat
777 0

Bugun, 2022-yil 18-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis palatalari Kengashlari aʼzolari, deputatlar, senatorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qoʻshma majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha Konstitutsiyaviy komissiyaning oʻtgan davrdagi faoliyati yuzasidan axborot berildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz parlamenti uchun ortda qolgan bir oy davlatimiz va jamiyatimiz hayotining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini barqaror rivojlantirish va mustahkamlash, Yangi Oʻzbekistonni bunyod etishga qaratilgan jarayonlarning boshlanishi bilan bogʻliq muhim voqealarga boy boʻldi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari Kengashlarining Qoʻshma qarori bilan Konstitutsiyaviy komissiya toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlanib, Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash va Yigʻma axborot-tahlil guruhlari hamda Matbuot xizmati faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Konstitutsiyaviy komissiya ishi samaradorligini taʼminlash maqsadida uning faoliyatiga ilmiy-tadqiqot muassasalari, tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari, soha ekspertlari keng jalb qilindi. Eng muhimi, jahon davlatlarining konstitutsiyaviy tajribasi chuqur va har tomonlama oʻrganildi.

Komissiya huzurida tuzilgan Takliflar bilan ishlash va Yigʻma ahborot tahlil guruhlari tomonidan ish 24/7 rejimida yoʻlga qoʻyilib, keng jamoatchilikning Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflari turli vositalar orqali kunu tun qabul qilindi.

Konstitutsiyaviy islohotlarni aholi orasida keng targʻib qilish maqsadida Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari, deputatlar va senatorlar tomonidan hududlarda qator uchrashuvlar tashkil etildi, aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlar olib borildi. Bunday uchrashuvlar davomida konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng jamoatchilikka yetkazildi.

Aholi fikrlari va takliflarini uzviy, oʻz vaqtida qabul qilish, umumlashtirish, ularga javob qaytarishning aniq mexanizmlari joriy etilib, “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, 1341 qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, “Telegram” messenjeridagi maxsus bot orqali takliflarni qabul qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan davrda aholi tomonidan kelib tushgan takliflarning salmoqli qismini shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishga doir takliflar tashkil etmoqda. Shu bilan birga, Bosh qomusimizda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga qaratilgan normalarni aks ettirish bilan bogʻliq takliflar koʻpchilikni tashkil qilmoqda.

Eʼtiborlisi, bugun xalqimiz Bosh qomusimizda sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, taʼlimni rivojlantirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, ekologiyaga ustuvor ahamiyat qaratish, xususiy mulk himoyasini muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish kabi masalalarda konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirishga oid normalar aks ettirilishini istashayotganini ochiq bayon qilmoqda.

Majlisda aholining barcha qatlamlaridan kelib tushgan fikr-mulohaza va takliflarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish hamda tahlil qilish maqsadida Konstitutsiyaviy komissiyaning 4 ta yigʻilishi oʻtkazilgani, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha taqdim etilgan takliflar moddama-modda muhokama qilingan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha qonun loyihasi ishlab chiqilgani taʼkidlandi.

Shu bilan birga, fuqarolarimizga konstitutsiyaviy islohotlarga oid oʻzgartish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati haqida tezkor, xolis va toʻlaqonli axborot yetkazish maqsadida televideniye, radio, gazeta va jurnallar hamda internet nashrlari bilan oʻzaro hamkorlik oʻrnatildi. Oʻtgan davrda OAVda 10 mingdan ortiq chiqishlar qilindi.

Konstitutsiyaviy komissiya Matbuot xizmati tomonidan 3 marotaba brifing va 1 marotaba matbuot anjumani, 2 marotaba Xalqaro press-klub tashkil etildi. Eng muhimi, oʻtgan davrda barcha mobil aloqa operatorlari orqali fuqarolarga oʻz takliflari bilan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol boʻlishga qaratilgan sms-xabarnomalar yuborildi.

Qoʻshma majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan taqdim etilgan takliflar atroflicha muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, hozirgi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha keng jamoatchilik tomonidan jami 35 mingdan ortiq takliflar yuborilgan.

Ushbu takliflarda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida inson huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini yuksaltirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, taʼlim, ilm-fan sohalarini taraqqiy ettirish, xususiy mulk daxlsizligini yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlarining rolini oshirish, oila institutini rivojlantirish, boy tarixiy va madaniy merosimizni munosib saqlab qolish, ekologik huquqlar va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi masalalarga alohida urgʻu qaratilgan.

Yigʻilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер