Olganning hovuchi toʻladi

17:21 01 Fevral 2026 Jamiyat
342 0

Jondorlik Habibulla akaning suhbati shirin. Yoshi anchaga borib qolganiga qaramay xotirasi oʻtkir bu yurtdoshimizning bir hikoyasi yodda muhrlanib qolgan.

– Bu voqeani doʻst-birodarlarga har gal aytib berganimda koʻnglimda gʻurur hissini tuyaman, – deya gap boshlagandi u. – Oʻtgan asrning 20-yillari oxirida “Buning ot-aravasi, falon tanob yeri bor”, deb Yoriqul bobomning mol – mulki musodara etiladi. Oʻzi “quloq” qilinadigan kishilar roʻyxatiga kiritiladi.

Tun gʻira-shirasida uyga soʻroqsiz kirib kelgan chaqirilmagan mehmonlardan biri zaril buyumlarni olib, zudlik bilan yoʻlga otlanmoqni buyuradi. “Quloq” qilinayotgan kishi bunday paytda oʻzi bilan nimani olishi mumkin? Birinchi galda yegulikni, albatta.

Kindik qoni toʻkilgan goʻshasidan nohaq badargʻa etilayotgan, bor bisotidan ayrilgan, koʻngli qaddidan battaroq choʻkkan bobom chuqur xoʻrsinib, tokchaga imo qiladi. Buvimga “Sen kitoblarni ol”, deydi. Shunda buvim “Yoʻq, dadasi, siz menga qaraganda baquvvatsiz. Kitoblardan koʻproq ola qoling. Men esa nonni...”, deya oshxonaga yoʻl oladi.

Bobom oʻshanda buvimni alqab, “Gaping toʻgʻri. Bir donishmand “Olganning hovuchi, berganning qalbi quvonchga toʻladi”, degan ekan. Bu kitoblarni nasib etsa, vaqti kelib nevaralarimizga ulashamiz. Oʻqishadi. Oqu qorani taniydigan, hayotning qadriga yetadigan boʻlib voyaga yetishadi”, degan ekan. Biz bobomizdan meros Alisher Navoiy, Fuzuliy, Boborahim Mashrab kitoblarini oʻqib aslo kam boʻlmadik.

Ha, ajdodlarimiz oʻz hayotlari qil ustida turgan pallada ham ilmu maʼrifatni unutishmagan. Kitobni nondek aziz bilishgan. Habibulla akaning bu hayotiy hikoyasi “Oʻqib olim boʻlarmiding”, deya qoʻliga kitob olgan bolasining koʻnglini chil-parchin etadigan ayrim kishilarga saboq boʻlarli, albatta.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?