Oxangaronda erkak sharʼiy nikohida boʻlgan ayolini ov quroli bilan urib, jarohatladi

13:42 14 Noyabr 2025 Jamiyat
317 0

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaro boshqa bir fuqaroga ov qurolidan foydalanib, uni urgani va tan-jarohati yetkazgani toʻgʻrisida videotasvirlar keng tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, joriy yilning 22-oktyabr kuni, Toshkent viloyati Ohangaron tumanining «Koʻksaroy« MFY hududida yashovchi 33 yoshli fuqaro R.Q (erkak), sharʼiy nikohida boʻlgan 35 yoshli N.Sh (ayol)ning yoniga, oʻziga tegishli ov quroli, (2021-yildan, Ovchilik jamiyatiga aʼzo) bilan kelib, oʻrtalaridagi nizo sababli ayolga tahdid qilgan va urib, tan jarohati yetkazgan.

Shundan soʻng, mazkur holat yuzasidan, hududiy IIB tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va gumonlanuvchi fuqaro tergovga jalb qilingan.

Shuningdek, fuqaro R.Q.ga 2021-yilning 22-fevralida berilgan ovchilik guvohnomasi bekor qilinib, TOZ-34 rusumli ov quroli musodara qilingan.

Jabrlanuvchi, N.Sh (ayol)ning olgan tan jarohati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan. 2025-yilning 11-noyabr kuni olingan sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga koʻra ayolda (sogʻliqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan) yengil tan jarohati mavjudligi koʻrsatilgan.

Bildirilishicha, hozirgi kunda ushbu holat Toshkent viloyati IIBB tomonidan toʻliq nazoratga olingan va Ohangaron tumani IIB tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?