Oyning oʻn beshi qorongʻi, oʻn beshi yorugʻ

12:20 03 Sentyabr 2025 Jamiyat
186 0

Hayot deb atalmish daryoning baʼzan sokin, baʼzida mavjlanib, telbavor oqishi bor. Shunday paytda beshafqat toʻlqinlarning shashti oldida kemalar ham muvozanatini yoʻqotadi. Kishi kalavaning uchini topa olmay qoladi. Gulbahor taqdir zarbasi sabab ana shunday koʻyga tushdi. Turmush oʻrtogʻi xorijga ishlagani ketgandi. Falokat oyoq ostida deganlaridek, u yetti yot elda bevaqt vafot etdi. Ogʻir yoʻqotish nainki u, balki keksayib qolgan qaynonasining ham qaddini bukdi. Bu yoqda ota yoʻliga intizor polaponlarni aytmaysizmi?

– Eng qiyin pallada davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy himoya siyosati Gulbahor Arabovaning oilasi uchun ayni muddao boʻldi, – deydi Peshku tumanidagi “Xurram” mahalla fuqarolar yigʻiniga ijtimoiy xodim sifatida biriktirilgan Umrzoq Roʻzimurodov. – Xonadon avvalo “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritildi. “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan mavsumiy kiyim-bosh va kundalik ehtiyojlar uchun moddiy yordam ajratildi. Oilaga boquvchisini yoʻqotganlik hamda bolalar nafaqasi tayinlandi.

Xalqimizda “Oyning oʻn beshi qorongʻi, oʻn beshi yorugʻ” degan naql bejiz aytilmagan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuman boʻlimiga shu mahallada yashovchi Zamira Qodirovadan murojaat tushdi. Ariza “mahalla yettiligi” ishtirokida atroflicha oʻrganildi. Natijada nogironligi boʻlgan bu ayol xonadoni alohida roʻyxatga olindi. Shu jarayonda Zamira opaning tikuvchilik borasida maʼlum bir koʻnikmaga egaligi ham nazardan chetda qolmadi. Unga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berildi. Endi u uyda ishlab, qoʻni-qoʻshnilardan tushgan buyurtmalarni bajarish, qoʻshimcha daromad topish imkoniga ega. Bundan tashqari, farzandining oliy oʻquv yurtiga oʻqigani imtiyozli tarzda kirishiga koʻmaklashildi. Oilaga elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun kompensatsiya toʻlovlari tayinlandi.

Mahallada yashovchi keksalar ham hukumatimizning gʻamxoʻrligi, eʼtiboridan bahramand. Buni bir asr ostonasida turgan Saida Boyeva hayoti misolida ham aytish mumkin. Gap shundaki, 98 yoshli onaxon qizlarini uzoqqa turmushga chiqargan. Shu tufayli yolgʻiz. Ammo oʻz yaqinlariga mehr-oqibat koʻrsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Saida buvini ham jigargoʻshalari oʻz holiga tashlab qoʻygani yoʻq. U ayni paytda ukasi Erkin Boyevning oilasi bilan yashab kelmoqda. Lekin bu hol tabarruk yoshdagi onaxonning davlatimiz tomonidan koʻzda tutilgan gʻamxoʻrligidan foydalanishiga monelik qilgan emas. Chunonchi, Saida buvi “Yakka – yolgʻiz keksalar reyestri” ga kiritildi. Unga kompensatsiya mablagʻlari toʻlanmoqda. Ukasi onaxonga rasman qarovchi etib biriktirildi. Bu ham uning moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishiga xizmat qilmoqda.

– Ming karra shukr, – deydi Saida buvi. – Yurtimiz tinch, turmushimiz osoyishta. Davlatimizga rahmat. Issiq-sovugʻimdan xabar olib turishibdi. Biror bir narsaga zoriqqanim yoʻq.

– Bugungi kunda mahallamizda 4841 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi Umrzoq Roʻzimurodov. – Shularning 209 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj. Nogironligi boʻlgan 107 fuqaro ham bor. El qatori umrguzaronlik qilishlari, oʻzlarini birovdan kam his etmasligi, qadini tik tutib yurishi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlash uchun ularni davlatimiz tomonidan yaratib berilgan qulaylik va imtiyozlardan bahramand etib kelmoqdamiz.

Istam IBROHIMOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?