Oʻynaganlar boʻladi xush, Xorazmning lazgisiga

18:23 29 Avgust 2025 Jamiyat
111 0

Oʻzbek milliy raqs sanʼatida Xorazm yoʻnalishi oʻzining betakror jozibasi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, ilohiy moʻjiza sifatida eʼtirof etiladigan, jonbaxsh “Lazgi” kuyi chalinganda keksa-yu yosh barcha beixtiyor raqsga tushib ketadi. Keyingi yillarda milliy raqs sanʼatimizni rivojlantirish borasida bir qator tashabbuslar roʻyobga chiqdi. Jumladan, “Lazgi” raqsi 2019-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi. 2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta Xiva shahrida “Lazgi” xalqaro raqs festivali oʻtkazilmoqda. Oʻzbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filialida “Lazgi” ijrochiligini yanada rivojlantirish boʻlimi hamda filial qoshida ixtisoslashtirilgan boshlangʻich raqs sanʼati maktab-internatining tashkil etilishi yangi isteʼdodlarni izlab topish va kashf etishga imkon beryapti.

Yigirma besh yillik mehnat faoliyatim davomida oʻndan ortiq xorijiy davlatlarda gastrol safarlarida, turli xalqaro tanlovlarda qatnashib, Xorazm raqslarini koʻp ming sonli muxlislar eʼtiboriga havola etdim. Bugun 30 nafarga yaqin shogirdlarim milliy raqslarimizni nufuzli festivallar sahnasida zoʻr mahorat bilan ijro etayotganliklaridan baxtiyorman.

Vatanimiz Mustaqilligining 34-yilligi arafasida muhtaram Prezidentimizning farmoni bilan “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. Bu yuksak eʼtibor menga juda katta ijodiy kuch, ilhom va ragʻbat berdi. Bundan buyon ham milliy raqs sanʼatimizni yanada rivojlantirish, jahon sahnalarda keng targʻib etish va kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlida bor bilim, kuch va gʻayratimni ayamayman.

Otabek Roʻzmetov,

Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi

Xorazm viloyati boʻlinmasi balet artisti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер