Oiladagi zoʻravonlikni oldini olishda davlat siyosati va yangi huquqiy mexanizmlar

14:40 14 Noyabr 2025 Jamiyat
305 0

Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida jamiyat xavfsizligi, huquqiy barqarorlik va fuqarolarning osoyishtaligini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib kelmoqda. Ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida kechayotgan oʻzgarishlar, aholining huquqiy ongi oshishi va oila institutining mustahkamlanishi jinoyatchilikka qarshi kurashda ham yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Ayniqsa, oila va undagi munosabatlar xavfsizligini taʼminlash bugungi davrning eng muhim ijtimoiy vazifalaridan biriga aylangan.

Mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu huquq-tartibotni taʼminlashda sezilarli ijobiy natijalarga erishish imkonini berdi. Ilgari oʻnlab yillar davomida shakllangan jinoyatchilikning oldini olish tizimi, asosan, idoralararo usullarga tayanilgan, bir xil taʼsir mexanizmiga asoslangan va koʻp hollarda jamoat tashkilotlari, kasaba uyushmalari hamda mehnat jamoalari zimmasiga yuklatilgan edi.

Soʻnggi yillarda esa mamlakatimizda jinoyat-huquqiy vositalar orqali oila, uning aʼzolari va inson hayotini muhofaza qilishga qaratilgan tub islohotlar amalga oshirilmoqda. “Oila” institutining Konstitutsiyada alohida qadriyat sifatida belgilanishi, jinoyat qonunchiligida oilaga qarshi qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, xotin-qizlarni va ijtimoiy himoyaga muhtoj boʻlgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlashni davlat siyosati darajasida ustuvor vazifa sifatida belgilash ana shular jumlasidandir.

Xususan, “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka murosasizlik muhitini shakllantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga manzilli ijtimoiy-huquqiy va psixologik koʻmak koʻrsatish vazifalarining belgilangani ushbu sohadagi islohotlarning oʻta dolzarb ekanidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadida inson manfaatlarini taʼminlash, uning huquq va erkinliklarini himoya qilish tamoyili turadi. Bu jarayonda esa hayotimizning ajralmas qismi boʻlgan oilaning oʻrni beqiyosdir. Jamiyatdagi har qanday salbiy illatga qarshi kurashni avvalo oiladan boshlasakkina, uning ildizini zanjirli tarzda bartaraf etish mumkin. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76-moddasida oila jamiyatning asosiy boʻgʻini ekani, uning jamiyat va davlat muhofazasida boʻlishi qatʼiy belgilangan. Shuningdek, Konstitutsiyaning 26-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala va jazoga duchor etilishi mumkin emasligi konstitutsiyaviy kafolat sifatida mustahkamlab qoʻyilgan.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻp hollarda aholi oʻrtasida huquqiy targʻibotni kuchaytirish, huquqiy madaniyatni oshirish bilan uzviy bogʻliq. Chunki huquqiy madaniyatning yuksalishi ijtimoiy xavfli xulq-atvorning shakllanishiga bevosita taʼsir qiladigan omillardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy determinantlarga taʼsir etish ham profilaktikaning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib, u zoʻravonlikka moyil xulqning sabab va shart-sharoitlarini ildizidan bartaraf etishga qaratilgan choralarni oʻz ichiga oladi.

Maʼlumki, oiladagi zoʻravonliklarning oldini olishda voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish alohida ustuvor ahamiyatga ega. Shu maqsadda 2019-yil 22-apreldagi Prezident qarori bilan Bola huquqlari boʻyicha vakil – ombudsman oʻrinbosari instituti joriy etildi. Bu institut bolalarning huquqlari taʼminlanishini parlament darajasida nazorat qilish, huquqbuzarlik holatlarini barvaqt aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

2024-yil 29-fevral kuni qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) toʻgʻrisida”gi Qonunda mazkur institutning maqomi, vazifalari va vakolatlari yanada aniq belgilab qoʻyildi. Jumladan, Bolalar ombudsmani bolaga nisbatan qiynoq, shafqatsiz yoki gʻayriinsoniy muomala holatlarining oldini olish, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan bolalar huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish vazifasi yuklangan.

Shu nuqtayi nazardan, milliy amaliyotda “Bola huquqlari boʻyicha vakil instituti”ning taʼsirchanligini yanada oshirish, uning faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki notoʻgʻri axborot taqdim etish kabi huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini aniq belgilab qoʻyish maqsadga muvofiqdir. Bu esa nafaqat institutning vakolatlarini mustahkamlaydi, balki oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurashda tizimli yondashuvni kuchaytiradi.

Oiladagi zoʻravonlikka taʼsir etuvchi omillar turlicha boʻlib, ular orasida xotin-qizlarning huquqiy nigilizmi, oʻz huquqlariga befarqligi yoki qonun buzilishlarini yengil qabul qilish holatlari profilaktikaning muhim obyekti sifatida koʻrsatiladi. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunida ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari aniq belgilab qoʻyilgan. Unga koʻra, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish yoʻnalishida gender siyosatini, davlat dasturlari va strategiyalarni ishlab chiqish; jamiyatda zoʻravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish; xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish; huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish; tazyiq holatlarini aniqlash va chek qoʻyishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar yaratish; zoʻravonlikka sabab boʻluvchi omillarni bartaraf etish va davlat organlari, mahalla, NNT hamda fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish kabi vazifalar belgilangan.

Bugungi kunda oiladagi zoʻravonlikni oldini olish boʻyicha maqsadli chora-tadbirlar faol amalga oshirilmoqda va bu jarayon jamiyatda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq hamda zoʻravonlikka qarshi qatʼiy murosasizlik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlashni nazarda tutuvchi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida qonuniylik, demokratizm, tenglik, kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, ochiqlik va shaffoflik kabi prinsiplarning mustahkamlanishi ushbu siyosatning izchilligini taʼminlamoqda.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda jinoyatchilikning oldini olish va zoʻravonlikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish uchun ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish, amaliyotga zamonaviy va innovatsion takliflarni joriy etish muhim strategik vazifadir. Bu nafaqat oila va jamiyat xavfsizligini mustahkamlashga, balki inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan milliy islohotlarning uzviy davom etishiga xizmat qiladi.

Ashurov Ulugʻbek Erkinovich

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma boshligʻi, adliya katta maslahatchisi, yu.f.f.d. (PhD).

Raxmanov Shoxruh Faxridinovich

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma prokurori,

1-darajali yurist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?