Odamlar ertaga emas, bugun hayotdan mamnun boʻlib yashashi kerak
 
                “Xalq so`zi ONLINE”
Bu borada aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash — ustuvor vazifamiz
Bugungi hayotimizni elektr energiyasiz tasavvur etish qiyin. Taraqqiyot shiddati tufayli ushbu resursga boʻlgan talab tobora ortib boryapti. Ana shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda barcha isteʼmolchilarni zarur elektr energiyasi bilan taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Sohaga boʻlgan eʼtibor, ayniqsa, oxirgi 3 yilda yana-da kuchayganini alohida eʼtirof etish joiz.
Yashirishning hojati yoʻq, yaqin-yaqingacha aksariyat joylarda, olis qishloq va mahallalarda taʼminotda tinimsiz uzilishlar kuzatilar, bunday holat hatto kunduz kunlari ham roʻy berardi. Odamlar noilojlikdan kuniga 1-1,5 soat chiroq yonib turishiga koʻnikib ham qolgandi. Lekin aslida hozirgi zamonda bunday sharoitni hazm qilish oson emas. Shu bois, tabiiyki, eʼtirozlar koʻpayardi.
Hozir-chi? Endilikda nafaqat poytaxtimiz, viloyat, tuman markazlari, balki chekka-chekka manzillarda ham chiroq bor, yorugʻlik bor. Masalan, Andijon viloyatida ham isteʼmolchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash borasida katta qadamlar tashlandi. Keling, shu haqda kengroq toʻxtalib oʻtsak.
Past kuchlanishli tarmoqlar modernizatsiya qilinmoqda
Bu borada gap ketganda, avvalo, Prezidentimizning 2016-yil 23-noyabrdagi “2017 — 2021-yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya va yangi qurish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori, shuningdek, soha rivojiga doir boshqa bir qator huquqiy hujjatlar, dasturlarni alohida qayd etib oʻtish joiz.
Shular asosida butun mamlakatimiz boʻylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarini taʼmirlash hamda rekonstruksiya qilish ishlari jadal olib borilyapti. Jumladan, bizning viloyatimizda ham bu borada koʻplab saʼy-harakatlar amalga oshirildi.
 
Aniq raqamlarni keltiradigan boʻlsak, “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan joriy yilning birinchi choragida 1034,5 mln. kVt. soat, xususan, aholiga 618,8 mln. kVt. soat va ulgurji isteʼmolchilarga 415,6 mln. kVt. soat. elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 79,3 mln. kVt. soatga yoki 7,7 foizga koʻp.
Oʻz navbatida, past kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish dasturi doirasida shu yilning oʻtgan davri mobaynida 130,8 kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda 53 dona transformator punktida yangi qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Ushbu maqsadlar uchun 8309 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Bu borada hali qiladigan ishlarimiz ham koʻp, muammolar ham yoʻq emas. Shundan kelib chiqib, joriy yilda 2 ta podstansiyaga qoʻshimcha kuchlanishli transformatorlar oʻrnatamiz. Qolaversa, Andijon tumanidagi “Oxunboboyev”, Izboskandagi “Paxtakor”, Asakadagi “Fayzobod” va boshqa tumanlardagi mavjud podstansiyadagi transformatorlarni yuqori kuchlanishli, undan-da quvvatlisiga almashtirish koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, Xoʻjaobod tumani uchun yangi qurilayotgan “Xidirsha” podstansiyasiga oʻrnatilgan 10 000 kVA quvvatli hamda “Kamolot” podstansiyasiga T-2 sifatida oʻrnatilgan 10 000 kVA quvvatli transformatorlarni ishga tushirish moʻljallangan.
Keyingi yillarda mamlakatimiz boʻylab amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xalqimizni juda mamnun qilyapti. Bunda “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturlari ijrosi muhim oʻrin tutmoqda. Ushbu loyihalar, tom maʼnoda, odamlarning bugungi hayotini yaxshilab, ertangi kunga ishonchini oshirmoqda, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Mazkur dasturlar doirasida viloyatimizda qoʻshimcha ravishda 86,6 kilometr uzunlikda past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari, 47 ta transformator punktida rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish, shuningdek, 72,7 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmogʻi va oltmishdan ortiq transformator punktlarini mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan. Pirovardida esa 18 ming 500 dan ortiq isteʼmolchilarning elektr taʼminoti yana-da yaxshilanadi.
Bugun qay hududga bormang, ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh boʻlasiz. Hozirgi epidemiya sharoitida ham hayot toʻxtab qolgan emas, aksincha, shiddat bilan davom etyapti. Barcha oʻz sohasi boʻyicha faoliyat yuritmoqda. Kimdir onlayn, yana boshqasi oʻz ish joyida. Bizning sohada esa, bunday sharoitda ikki masʼuliyat talab qilinadi. Shunga harakat qilinyapti va erishilyapti ham.
Misol uchun, bu yil oldimizda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosidagi arzonlashtirilgan uy-joylar, koʻp qavatli arzon turar-joylar, xizmat uylari, harbiylar va profilaktika inspektorlariga qurilgan uy-joylarning tashqi elektr taʼminoti uchun jami 11,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 20 dona transformator punktini yangidan qurishdek ulkan ishlar turibdi. Isteʼmolchilarning elektr energiyasi taʼminotini yana-da yaxshilash uchun 1585,13 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 581 ta transformator punktini mukammal taʼmirlaymiz.
Ayni paytda Xoʻjaobod tumani Elektr taʼminoti korxonasi (ETK) hududida umumiy qiymati 2 milliard soʻmlik temir-beton tanyachlar ishlab chiqarish zavodini qurish ishlari jadal davom ettirilmoqda.
Umuman, yuqorida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mablagʻ ayalayotgani ham yoʻq. Bu maqsadlarda 143,6 milliard soʻm mablagʻ sarflanadi. Natijada 260 ta mahalla fuqarolar yigʻini, 245 mingdan ortiq aholi xonadonlari, 410 ta ijtimoiy soha hamda 2005 ta tadbirkorlik subyektining elektr taʼminoti yana-da yaxshilanadi.
Demak, hamma-hamma saʼy-harakatlar xalqimiz farovonligi, Vatanimiz taraqqiyoti bilan bevosita bogʻliqdir. Zero, odamlar ertaga emas, bugun hayotdan mamnun boʻlib yashashlari kerak.
Prezident tashrifidan soʻng...
Davlatimiz rahbari qaysi viloyatga tashrif buyurmasin, albatta, hudud faollari bilan uchrashadi, aholini qiynayotgan muammolarga, hal etilishi lozim boʻlgan masalalarga alohida eʼtibor qaratadi. Shu jumladan, isteʼmolchilarni zarur elektr resurslari bilan taʼminlash masalasi ham chetda qolmaydi.
Prezidentimiz oʻtgan yilning may oyida viloyatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, bunyodkorlik va boshqa keng koʻlamli ishlar bilan tanishish maqsadida Andijonga keldilar. Viloyat faollari, barcha mutasaddi-tashkilot rahbarlari ishtirokida oʻtkazilgan yigʻilishda mavjud muammolar yechimi va istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish boʻyicha zarur koʻrsatma hamda topshiriqlar berdilar.
 
Oʻshanda Xoʻjaobod tumani isteʼmolchilarini, shu jumladan, “Xidirsha” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi xonadonlarning elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida aniq taklif kiritib, uni amalga oshirish, shuningdek, 2019/2020-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish hamda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida koʻplab elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlarini yangilash boʻyicha aniq vazifalar yuklatilgandi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida bor kuch va imkoniyat safarbar etildi. Natijada tegishli vazirlik va idoralar hamkorligida “Xidirsha” MFYdagi elektr taʼminotini yaxshilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritildi. Shundan soʻng, ushbu manzilda 110/10 kV kuchlanishli ikkita transformator 16000 kVA podstansiya qurish uchun yer maydonlari ajratildi. Bugungi kunga qadar “Elektrqishloqqurilish” AJ tomonidan podstansiya hududi tayyorlanib, atrofi devor bilan oʻraldi.
Podstansiyaning 110/10 kV jihozlari uchun yerlash tizimi montaj qilinib, 5 dona 110 kV temir-beton tayanch, 4 dona 110 kV portallar va 1 dona ochiq taqsimlash qurilmalari uchun yashin qaytargich temir-beton tayanchi oʻrnatildi. Bundan tashqari, ikki dona metall tayanch olib kelindi va uning bittasi oʻrnatilib, ikkinchisi esa oʻrnatish uchun yigʻib qoʻyildi. Podstansiyaning ichki maydoni toʻliq sheben toshlari bilan qoplandi.
Bundan tashqari, 2019/2020-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan 978,0 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmogʻi, 350 ta transformator, xuddi shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 280,8 kilometr elektr uzatish tarmogʻi hamda 170 ta transformator punkti kapital taʼmirlandi.
ASKUE tizimining afzalliklari nimada?
Keyingi yillarda Andijon viloyatida ham elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari (EEHO va NQAT) bosqichma-bosqich, reja asosida olib borilyapti.
Birgina shu yilning oʻtgan davri mobaynida 36 mingdan ortiq maishiy isteʼmolchilar ana shu tizimga mos keluvchi hisoblagichlar bilan taʼminlandi. Bu boradagi ishlar jadallik bilan davom ettirilmoqda.
 
Xoʻsh, ASKUE tizimining afzalliklari nimada? Aytish joizki, isteʼmolchilar elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangandan soʻng isteʼmolchi va elektr taʼminoti korxonasi oʻrtasida bir qator qulayliklar yaratiladi.
Xususan, isteʼmolchi tomonidan sarflangan elektr energiyasi uchun toʻlovlarni oldindan amalga oshirish, elektr energiyasi isteʼmoli va texnik yoʻqotishlar nazoratini olib borishda qoʻl keladi. Qolaversa, bu tizim orqali aholiga uzluksiz va sifatli elektr energiyasini etkazib berish bilan birga, rejali va avariyaviy oʻchishlar haqida isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirish mumkin.
Qarzdor isteʼmolchilarni yakka tartibda tarmoqdan ajratish hamda tarmoqda meyoridan yuqori kuchlanish paydo boʻlganda esa isteʼmolchilarning elektr jihozlarini himoyalash imkoniyatini beradi.
Bu hali hammasi emas. Hisoblagich oʻrnatilib tizimga ulangach, kodlar kiritilib, hisob-raqam ochiladi va isteʼmolchilarga “SMS-xabar” orqali barcha maʼlumot avtomatik etkazib beriladi. Isteʼmolchilar mobil telefon orqali toʻlovlarni onlayn rejimida amalga oshirish va “shaxsiy kabinet” yordamida qancha elektr energiyasi sarflaganini kuzatib turish va kerakli maʼlumotlarni olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Hozirda viloyatning barcha tumanlarida isteʼmolchilar hisoblagichlarini elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimida ishlaydigan elektr hisoblagichlariga almashtirish ishlari 30 foizdan ortgan. Bu tadbirlarni bosqichma-bosqich yakuniga yetkazish koʻzda tutilgan.
Shunisi diqqatga molikki, mazkur zamonaviy elektr hisoblagichlar isteʼmolchilarga “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablagʻlari evaziga bepul oʻrnatib berilmoqda. Bundan aholi, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari juda mamnun. Bizning bosh maqsadimiz ham aslida shu — qilayotgan ishlarimiz bilan xalqni xursand qilish, ular manfaatini oʻylab, yaxshi yashashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish, oʻz navbatida, uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashdan iboratdir.
Ham mablagʻ iqtisod qilindi, ham yangi ish oʻrinlari yaratildi
Yana bir muhim jihat. Oʻtgan yili “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tashabbusi bilan ishlab chiqarish imkoniyatlarini yana-da kengaytirish maqsadida “Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati qoshida travers va metall konstruksiyalar ishlab chiqarish sexi tashkil qilingan edi.
Ammo yurtimizda koronavirus pandemiyasi sababli eʼlon qilingan karantin davrida sex faoliyati toʻxtatilgan edi. Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ishlab chiqarish subyektlari faoliyatini qayta tiklash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Shulardan kelib chiqib, jamiyatimiz tomonidan bu yerda ishlab chiqarish jarayoni qayta yoʻlga qoʻyildi. Albatta, bunda karantin va infeksiya tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan tartiblarga qatʼiy amal qilinyapti. Ishchi-xodimlar maxsus himoya niqoblari, qoʻlqoplar, antiseptik vositalar bilan taʼminlandi. Sexda vaqti-vaqti bilan dezinfeksiya ishlari ham oʻtkazilmoqda.
Hozirgi kunda ushbu sexda 12 turdagi sifatli temir qurilmalar tayyorlanmoqda. Viloyat elektr taʼminoti tizimida ushbu mahsulotlarga boʻlgan ehtiyoj asosan shu yerda ishlab chiqarilayotgan qurilmalar hisobiga qoplanmoqda. Qolaversa, bu korxonamizga maʼlum miqdordagi mablagʻni iqtisod qilish hamda yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.
Shu bilan birga, bu yerda elektr tarmoqlari tizimi ish jarayonida keng foydalaniladigan uskunalar, yaʼni OG-1, OG-2, M-1, M-3 va boshqa turdagi temir qurilmalar tayyorlanadi. Qurilmalarni tayyorlashda zamonaviy tokarlik dastgohlaridan ham samarali foydalanilayotgani ularning sifatli hamda belgilangan meʼyorlar asosida boʻlishini taʼminlayapti.
Aniq misollar bilan aytadigan boʻlsak, oʻtgan davr davomida sexda umumiy qiymati 50,9 million soʻmlik 1540 dona travers tayyorlandi. Buning natijasida korxona tomonidan 53,3 million soʻm miqdoridagi mablagʻ iqtisod qilindi.
Biz bundan keyin ham zimmamizdagi barcha vazifalarni talab darajasida bajarish uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solamiz.
Ahadjon JOʻRAYEV,
“Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati rahbari.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
 
                 
        
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring