Nurota tumaniga Moʻgʻulistondan “Bayat” zotli qoʻylar olib kelindi

11:05 07 Oktyabr 2025 Jamiyat
96 0

Qizilqumda ajdodlarimiz azal-azaldan chorva bilan shugʻullanishgan. Oʻtgan asrning saksoninchi yillarida ham choʻlda toʻrt million boshga yaqin qoʻy-qoʻzi boqilib, ming-minglab qizilqumliklarni ish va rizqu nasiba bilan taʼminlagan. Keyin muayyan sabablarga koʻra Qizilqumda chorva tuyogʻi kamayib ketdi.

Shu bois odamlar hududdagi Nurota va Konimex tumanlarida chorvaga oʻrnatilgan haykallar qad rostlashini istehzo bilan qabul qildi. Chorvaning chinakam qaddini rostlashiga esa 2024-yil 1-noyabr kuni shiddat berildi.

Oʻsha kuni mamlakatimiz Prezidenti “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlarni ishga solish hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy vazifalar”ga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda mazkur masalani tahlil etarkan, 2024-2026-yillarda Moʻgʻuliston davlatidan goʻsht va jun yoʻnalishidagi qoʻy-echkilarni olib kelish vazifasini belgiladi.

— Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida veterinar olimlar tomonidan iqlim sharoitimizga mos “Bayat“ zotli qoʻylar tanlab olindi, — deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi Oybek Nizamov. — Ushbu qoʻylar goʻsht-jun yoʻnalishida boʻlib, ularning tirik vazni 70-80 kg, qoʻchqorlari 100-120 kilogrammgacha yetadi, goʻsht chiqimi tirik vazniga nisbatan 60 foizni tashkil etadi.

Xullas, 2024-yil yakuni bilan Konimex tumaniga 50 ming bosh ushbu zotdagi qoʻylar keltirildi. Prezidentimizning joriy yil iyun oyidagi Moʻgʻulistonga davlat tashrifi doirasida erishilgan kelishuvga muvofiq esa ushbu davlatdan yana 100 ming bosh qoʻy viloyatga olib kelish belgilangan.

Shu asosda yaqinda viloyatning Nurota tumani chorvadorlari Navoiy xalqaro aeroportida ushbu zotli qoʻylarning navbatdagi partiyasini qabul qilib olishdi. Ular viloyatda yaylovlardan samarali foydalanishdan tashqari chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hajmlarini oshirish hamda yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi.

Jonivorlarning parvarishini toʻgʻri tashkil etish maqsadida “Nurota Qorakoʻl naslchilik” MCHJ tomonidan omixta yem va dagʻal ozuqalar zaxirasi yaratilib, tajribali mutaxassislar biriktirilgan.

Kelishuv doirasida Nurotaga yil yakuniga qadar 10 ming bosh qoʻy keltiriladi. Viloyat boʻyicha esa oktyabr oyida tizimli ravishda 60 ta aviareysda 50 ming bosh, noyabr-dekabr oylarida yana 50 ming bosh, jami 2025-yil yakuniga qadar 100 ming bosh qoʻylarni yurtimizga olib kelish rejalashtirilgan. 2026-yilda esa yana 100 ming bosh qoʻy olib kelinadi.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер