Norinda intensiv usulda baliq yetishtirish tajribasi OAV nigohida

17:14 03 Noyabr 2025 Jamiyat
324 0

Namangan viloyati hokimligi, Markaziy bankning viloyat bosh boshqarmasi hamkorligida Norin tumanida press-tur tashkil etildi. 2025-yil 16-17-sentyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatiga tashrifi davomida tanishilgan obyektlar: intensiv usulda baliq parvarishlashning afzalliklari mavzusidagi media tadbirda respublika va mahalliy OAV xodimlari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Anjuman ishtirokchilariga maʼlum qilinishicha, joriy yil sentyabr oyiga qadar tumanda jami qiymati 40.0 mlrd. soʻmlik 200 ga yaqin hovuzlarda intensiv usulda forel yetishtirish loyihalari hayotga tatbiq etildi.

— Loyiha tashabbuskorlarini moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlayotgan tijorat banklari tomonidan ularga 25,0 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi, — deydi Markaziy bankning Namangan viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi Bekzod Sulaymonov. — Ushbu loyihalar asosan davlat-xususiy sheriklik asosida meliorativ tik quduqlar atrofida va aholi xonadonlarida ijrosini topmoqda. Ishlar “kooperatsiya” usulida amalga oshirilgan boʻlib, bunda yirik klaster sifatida “Fishville Norin” korxonasi ishtirok etayotir. Umuman olganda, ayni sohada boshlangan keng koʻlamli tadbirlar natijasi bilan 2000 tonnadan koʻproq parhezbop baliq goʻshti yetishtirish imkoniyati yaratiladi.

Press-tur qatnashchilari dastlab aholi xonadonlarida forelni hovuz usulida parvarishlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Loyiha doirasida bir xonadonda oʻrtacha 1,6-1,8 tonna atrofida baliq yetishtiriladi. Dastlab donasi 250-300 gramm boʻlgan jami 1 000 dona chavoqlar tashlanadi. Yetishtirilgan baliqdan oʻrtacha oylik daromad 50-60 mln. soʻmni tashkil etishi sinovdan oʻtgan. Jurnalist va blogerlar, shuningdek, “Fishville Norin” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, “kooperatsiya” usulida amalga oshirilayotgan baliqchilik tarmogʻi haqida maʼlumot oldi.

Media tadbir doirasida mavzu boʻyicha ijtimoiy tarmoqlar, OAVlar uchun 10 dan ortiq lavha va koʻrsatuvlar, videoroliklar tayyorlandi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?