“Neftchi“ chempion, “Nasaf“ kumush medaldan quruq qolish arafasida

22:30 22 Noyabr 2025 Sport
521 0

19–22-noyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasining 29-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Ushbu bahslarda quyidagi natijalar qayd etildi:

“Shoʻrtan“ 1:1 “Buxoro“

“Surxon“ 0:0 OKMK

“Paxtakor“ 1:0 “Nasaf“

“Mashʼal“ 0:0 “Navbahor“

“Dinamo“ 0:0 “Qoʻqon-1912”

“Andijon“ 3:2 “Xorazm“

“Soʻgʻdiyona“ 0:2 “Bunyodkor“

“Neftchi“ 4:1 “Qizilqum“

Jami 8 ta oʻyindan 1 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi. 3 ta bahsda mezbonlar ustun keldi va yana 4 ta uchrashuv durang bilan yakunlandi. Endi ayrim oʻyinlarga toʻxtalamiz.

Markaziy oʻyin

Turning markaziy oʻyini Toshkentdagi “Jar“ stadionida boʻlib oʻtdi. Unda musobaqaning kumush medallari uchun asosiy daʼvogar boʻlib kelgan “Paxtakor“ va “Nasaf“ klublari oʻzaro toʻqnash kelishdi.

Chempionlikni himoya qilishga chorlangan “Nasaf“ klubi chempionlikni boy bermaslik uchun ushbu oʻyinda gʻalaba qozonishi talab etilardi. Ammo amalda bunday boʻlmadi.

Oʻzbekiston kubogida zafar quchgan “Paxtakor“ ushbu oʻyinda gʻalaba qozonish orqali kumush medalga ham dadil qadam tashladi.

Oʻyin oldidan “Paxtakor“da bir muhim oʻzgarish koʻzga tashlandi. Terma jamoa yigʻinidan holdan toygan holda qaytgan Hojiakbar Alijonov zaxirada qoldirildi. Uning oʻrnini Dilshod Saitov egalladi. “Nasaf“da esa terma jamoadan qaytgan futbolchilarning holatiga deyarli eʼtibor qaratilmadi va asosiy tarkib toʻliq maydonga tushirildi.

Uchrashuvda yagona gol oʻyin taqdirini hal qildi. Birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda Igor Sergeyev “Nasaf“ darvozasini ishgʻol qildi. Qolgan daqiqalarda jamoalar qancha harakat qilmasin, boshqa gol urilmadi. Yakunda “Paxtakor“ muhim 3 ochkoni qoʻlga kiritdi. “Nasaf“ esa endi katta ehtimol bronza medal uchun kurashadi.

“Andijon“dan oʻziga xos gʻalaba

Bundan bir nechta kun oldin “Andijon“ jamoasi qoniqarsiz natijalar tufayli bosh murabbiyi Maksim Shaskixni isteʼfoga chiqardi. Shaskix davrida jamoa mudofaasi ancha yaxshi oʻynagan boʻlsa-da, hujum chizigʻi talab darajasida emas edi. Uning boshqaruvi davrida “Andijon“ soʻnggi 6 ta oʻyinda jami 2 ta gol urgandi.

Jamoani Akmal Shoahmedov qabul qilib olganidan soʻng, “Andijon“ birinchi oʻyindayoq 3 ta gol kiritdi.

Ushbu turda “Burgutlar“ oʻz maydonida “Xorazm“ni qabul qilishdi. Uchrashuvda hisob 24-daqiqada Doniyor Abdumannobov tomonidan ochildi. Oradan 3 daqiqa oʻtib, Usmonali Ismonaliyev hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Taym soʻnggida Abdulvohid Gʻulomov jamoaning uchinchi toʻpini kiritdi.

Birinchi boʻlimga qoʻshib berilgan daqiqalarda Asadbek Saitxonov hisobni qisqartirdi. Birinchi boʻlim 3:1 hisobida yakunlandi.

Ikkinchi boʻlimda “Andijon“ tempni pasaytirdi. Bundan foydalangan “Xorazm“ 66-daqiqada Xazrat Tursunqulov orqali ikkinchi golni urdi.

Qolgan daqiqalarda har ikki jamoa bir qator xavfli vaziyatlar yaratgan boʻlsa-da, hisob oʻzgarmadi. Yakuniy hisob — 3:2. Akmal Shoahmedov uchun omadli debyut.

“Neftchi“ — chempion

Fargʻonaga katta futbol qaytganiga 3-yil boʻldi. 3-yildan beri viloyat hokimi Xayrulla Bozorov “Neftchi“ klubiga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Bu yil jamoaga qilingan sarf-xarajatlar rekord darajada oshdi. Natija esa 24-yillik tanaffusdan soʻng “Neftchi“ klubining Superliga chempioni boʻlishi bilan yakunlandi.

Hal qiluvchi 29-turni Levchenko shogirdlari oʻz maydonlarida Navoiyning “Qizilqum“ klubiga qarshi oʻtkazdi. Chempionlikdan umid qilgan boshqa jamoalar “Qizilqum“ futbolchilariga gʻalaba uchun 40 million soʻmdan mukofot puli taklif qilgani haqida matbuotda xabarlar tarqaldi. Biroq bu mukofot ham ularning gʻalabasiga olib kelmadi.

Uchrashuv 3-daqiqasidayoq hisob ochildi. Bilolxon Toshmirzayevning uzatmasidan soʻng Alisher Odilov hisobni ochdi. Oradan 15 daqiqa oʻtib, Odilovning oʻzi hisobni 2:0 qildi.

Birinchi boʻlim shu hisob bilan yakunlandi. 60-daqiqada Shohruz Norxonov hisobni qisqartirdi. 65-daqiqada esa Jamshid Iskanderov hisobni 3:1 koʻrinishiga keltirdi. 87-daqiqada Ibrohimhalil Yoʻldoshev oʻyindagi soʻnggi golni kiritdi. Yakuniy hisob — 4:1.

Muxlislarning stadionlarga tashrifi

29-tur oʻyinlarini jami 42 624 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu esa har bir uchrashuvni oʻrtacha 5 328 nafar futbol ixlosmandlari kuzatganini anglatadi.

Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Neftchi“ va “Qizilqum“ oʻyini boʻldi. “Neftchi“ jamoasi bilan birga chempionlikni nishonlash uchun “Istiqlol“ stadioniga 18 867 nafar muxlis tashrif buyurdi.

Eng kam tomoshabin yigʻgan oʻyыn esa “Soʻgʻdiyona“ va “Bunyodkor“ bahsi boʻldi. Zominda oʻtgan ushbu uchrashuvni jami 479 nafar muxlis jonli tomosha qildi.

Keyingi tur

Oʻzbekiston Superligada 30-tur uchrashuvlari 29–30-noyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Ushbu tur doirasida boʻladigan oʻyinlar roʻyxati bilan tanishing:

“Nasaf“ – “Dinamo“

“Qizilqum“ – “Shoʻrtan“

“Qoʻqon-1912” – “Soʻgʻdiyona“

“Xorazm“ – “Neftchi“

“Navbahor“ – “Paxtakor“

“Bunyodkor“ – “Andijon“

“Buxoro“ – “Surxon“

OKMK – “Mashʼal“

Muhammadamin Zuhuriddinov, “Xalq soʻzi“.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?