“Navoiyuran” DKda kasbiy kasalliklar oldini olish yoʻlida yangi loyiha ishga tushirildi

Foto: Xalq so‘zi
“Navoiyuran” DKda uran oksidi-chala oksidi konsentratini ishlab chiqarish bosqichma-bosqich oshirilib, ushbu jarayonda imkon qadar qoʻl mehnatini bartaraf etish, munosib mehnat muhofazasini yaratish boʻyicha aniq maqsadli chora-tadbirlar belgilangan.
Korxonaning Markaziy moddiy-texnika bazasi barcha tuzilmalarda ishlab chiqarishning uzluksizligini taʼminlash va belgilangan koʻrsatkichlarni oʻz vaqtida bajarilishi uchun zarur boʻladigan yoqilgʻi-energetika resurslari, kimyoviy reaktivlar, uskunalar, transport vositalari, mexanizmlar va boshqa tovar moddiy boyliklari bilan taʼminlash ishlarni tashkil etuvchi muhim boʻlinmasi hisoblanadi. Korxonada ishlab chiqarish hajmining oʻsishi xomashyo, materiallar va kimyoviy unsurlarga boʻlgan ehtiyojning ham ortishiga olib kelishi tayin. Aytaylik, ammiakli selitra koʻplab tarmoqlar uchun muhim kimyoviy reagent hisoblanib, tabiiy uran ishlab chiqarishda ham keng qoʻllaniladi. Albatta, mutlaqo bezarar emas.
— “Inson qadri uchun” degan tamoyilga asoslangan ijtimoiy himoya siyosatini yuritish maqsadida taʼminot bazamizda ham bosqichma-bosqich zamonaviy texnologiyalar amaliyotga joriy etilmoqda, — deydi bazaning katta ustasi Ilhom Yaxshiyev. — Xususan, avvallari har haftada 135 tonna, yaʼni 2700 ta 50 kg hajmdagi qoplarni ortish va tushirish jarayonlari ishchilarning qoʻl mehnati bilan va yelkalab amalga oshirilgan. Bu koʻp vaqt bilan birga ogʻir jismoniy mehnatni ham talab etardi.
Korxona rahbariyati tomonidan ushbu masalaning optimal yechimiga alohida eʼtibor qaratilib, ishchi-xodimlarning ogʻir va mashaqqatli qoʻl mehnatini yengillashtirish maqsadida yangi loyihaga qoʻl urildi.
— Ushbu loyiha “Zafarobod” kon boshqarmasining taʼmirlash-mexanika sexi mutaxassislarning texnik yechimlari natijasida yaratildi, — deydi korxona matbuot xizmati mutaxassisi Oʻtkir Oʻsarov. — Baza hududida ammiakli selitrani 1 tonnalik «Big-bag» qoplarda qabul qiluvchi agregat qurildi. Yaʼni, ammiakli selitrani yuk koʻtarish qurilmasi yordamida avtomatik tushirish va yuklash uskunasi ishga tushirildi.
— Mazkur qurilmaning ishga tushirilishi bilan birinchidan, omborxonada ammiakli selitrani yuklash-tushirish, shuningdek ushbu reagent isteʼmolchilari boʻlgan geotexnologik konlarga uni tushirib olish jarayonlarida qoʻllaniladigan qoʻl mehnatini tugatish, mehnatni samarali tashkil etish imkonini berdi, — deydi 20 yildan buyon ushbu bazada mehnat qilib kelayotgan ishchi Norpoʻlat Ortiqov. — Oldinlari selitra 50 kg qoplarda keltirilib, 10-15 nafar xodim shu bilan band boʻlib, asosiy ishidan uzilib qolardi. Hozir korxona rahbariyati tashabbusi bilan juda oson va qulay tizim yoʻlga qoʻyildi. Asosiysi, avtotsisterna orqali konga keltirilgan ammiakli selitra 3 nafar ishchi tomonidan qabul qilinib, qolganlar oʻz ishi bilan band boʻlmoqda.
Taʼkidlash joiz, yangilik ogʻir ortiqcha ishlarni istisno qilish bilan birga, mehnat unumdorligini oshirish va eng muhimi turli kasbiy kasalliklar sonini kamaytirishga ham yordam beradi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring