“Nasaf” qayerda xato qildi?
“Nasaf” jamoasi uchun Elit Osiyo chempionlar ligasi musobaqasi yakunlandi. Jamoa musobaqada 8 ta oʻyin oʻtkazdi. Shulardan 6 tasida magʻlubiyatga uchradi. 1 tasida durang oʻynadi va soʻnggi turda “Sharja” ustidan gʻalaba qozondi.
“Nasaf” musobaqani 4 ochko bilan yakunladi. Jamoaga guruhdan chiqish uchun yana 4–5 ochko yetishmadi. Yaxshilab oʻylab qaralsa, bu ochkolarni toʻplash noreal narsa emas edi. Lekin jamoa oʻzining xatoliklari evaziga musobaqa bilan xayrlashdi. Bugun siz bilan “Nasaf”ning ushbu turnirdagi xatolariga toʻxtalamiz.
Birinchidan, notoʻgʻri transfer siyosati
Bilansiz, Oʻzbekistonda mavsum yangi yil boshida, OFK musobaqalari esa yilning ikkinchi yarmida start oladi. Shuningdek, klublarda yil uchun toʻplangan tarkibni yozda yanada soʻzlash, yil boshida kuchsizdek koʻringan chiziqlarni kuchaytirish imkoniyati mavjud. Faqatgina toʻgʻri transfer siyosati yuritilsa.
Lekin “Nasaf” yozda birorta sifatli transfer amalga oshira olmadi. Jamoa yozda asosiy eʼtiborini legioner futbolchilarga qaratdi. Natijada klubga Yusuf Otubandjo, Adenis Shala va Kingsli Sokari keldi. Biroq bu futbolchilardan hech biri jamoada muqim oʻrin egallay olmadi. Natijada yozda kuchaytirilishi kerak boʻlgan jamoa, teskari ravishda kuchsizlanib qoldi.
Ikkinchidan, qurbon qilingan oʻyinlar
“Nasaf” klubi 2024-yilgi mavsum Osiyo chempionlar ligasi 2 turnirda qatnashgan va milliy chempionatni yutish yoʻlida koʻplab oʻyinlarni qurbon qilgani koʻpchilikning yodida boʻlsa kerak. Jamoa bu gal ham bitta oʻyinda shunday yoʻl tutdi.
Jamoa musobaqaning uchinchi turida Birlashgan Arab Amirliklarining “Shabab Al-Axli” klubi bilan toʻqnash keldi. Jamoani ushbu oʻyinlardan soʻng, Superligada OKMK va “Navbahor”ga qarshi oʻyinlar kutardi. Shu holatda jamoa klubga moʻmay daromad olib kelishi mumkin boʻlgan xalqaro musobaqani ikkinchi planda qoldirib qoʻydi va “Shabab Al-Axli”ga qarshi oʻyinda asosiy futbolchilarni zaxirada qoldirdi. Natijada oʻyin “arablar”ning 4:1 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi.
Yotmaganiga jamoa Superligada ham na OKMKni, na “Navbahor”ni magʻlub eta olmadi. Shu yerda bir fikr aytish mumkin: hukumat qarori bilan biz klublarni xususiylashtirish haqida oʻylayapmiz. Shu sharoitda klublar rahbariyati hech kimdan kam boʻlmagan holda mustaqil pul topish yoʻllarini koʻrib chiqishi kerak edi. “Nasaf” jamoasi chempionlar ligasida qatnashish orqali 1 million dollarga yaqin pul ishlab oldi. Bu raqamlar yanada kattaroq boʻlishi mumkin edi. Faqat bu uchun klublar mahalliy chempionatni emas, xalqaro turnirni birinchi oʻringa qoʻyib harakat qilishi zarur edi.
Uchinchidan, uy oʻyinlaridagi muvaffaqiyatsizlik
Bunday turnirlarda har bir jamoa mezbon sifatida oʻtkazadigan oʻyinlarda maksimal ochko toʻplashga intilishi tabiiy. Shu bois, “Nasaf” ham shunday yoʻl tutganida, jamoa muxlislari allaqachon nim-chorak final yoʻllanmasini nishonlayotgan boʻlar edi.
“Nasaf” bu mavsum Elit chempionlar ligasida Birlashgan Arab Amirliklarining “Al-Vahda”, Eronning “Traktor”, Saudiya Arabistonining “Al-Xilol” va Iroqning “Al-Shorta” kabi klublariga qarshi oʻz maydonida oʻynadi.
Bu jamoalar orasida faqat “Al-Xilol”ni magʻlub etish qiyin edi. Ammo qolgan 3 ta klubga nisbatan bu qiyin masala emas. Toʻgʻri, bu klublar kuchsiz emas. Lekin guruhdan chiqmoqchi boʻlgan jamoa kamida shu darajadagi klublardan ochko tortib olishi talab etilar edi.
Lekin “Nasaf” klubi “Traktor”ga ham, “Al-Vahda”ga ham magʻlub boʻldi. Bir necha asosiy futbolchilarsiz Oʻzbekistonga tashrif buyurgan Iroqning “Al-Shorta” klubi yurtimizdan 1 ochko bilan qaytdi.
Tasavvur qiling, agar shu 3 ta oʻyin yutilganida, hozir “Nasaf”da 12 ochko boʻlardi va jamoa beshinchi yoki oltinchi oʻrin bilan musobaqaning nim-chorak final bosqichiga yoʻl olgan boʻlar edi.
Afsuski, bunday boʻlmadi. Elit chempionlar ligasi Oʻzbekiston klublari uchun qiyin maydon ekanini koʻrdik. Bunga qaramasdan, Qayrat Yevropa chempionlar ligasida oʻynab yurgan davrda ham barcha narsani uddalash mumkinligini tushundik.
Kelasi mavsum ushbu musobaqada Fargʻonaning “Neftchi” klubi yurtimiz sharafini himoya qiladi. Umid qilamizki, ushbu jamoa bu mavsum “Nasaf” qilgan xatolarni takrorlamaydi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Masharipov va Ashurmatov toʻp surayotgan jamoa bosh murabbiyi isteʼfoga chiqarildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring