Namangandagi maktabda oʻqituvchi va uning shogirdlari havo tozalovchi qurilma ixtiro qildi
Bugun insoniyat taraqqiyot deb atayotgan jarayon atrof-muhitga jiddiy bosim oʻtkazmoqda. Sanoat chiqindilari, transport vositalari koʻpayishi va beeʼtiborlik oqibatida havo tobora ifloslanib, inson salomatligi uchun xavfli darajaga yetmoqda. Toza havo esa oddiy neʼmat emas, balki hayotning oʻzi ekani kun sayin yaqqol namoyon boʻlyapti. Atrof-muhitni asrash faqat katta korxonalar yoki davlat miqyosidagi vazifa emas, balki har bir fuqaroning masʼuliyatiga aylangan. Ana shunday murakkab va tashvishli davrda havoni tozalashga qaratilgan har qanday amaliy tashabbus jamiyat uchun oʻta muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu maʼnoda Namangan tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabda yaratilgan “Eko havo tozalovchi qurilma” bugungi ekologik muammolarga javob boʻla oladigan amaliy yechim sifatida eʼtiborni tortmoqda. Fizika fani oʻqituvchisi Ilyosxon Gʻulomov va uning shogirdlari ikki oylik izlanishlar orqali laboratoriya gʻoyasini haqiqiy ishlaydigan qurilmaga aylantirishga muvaffaq boʻldi. Bu ishlanma maktabning toʻrt devori ichida qolib ketmasdan ilm-fanning hayotga tatbiq etilishi mumkinligini yaqqol koʻrsatdi.

Qurilma 220 volt kuchlanishida ishlab, bir soatda 80 kub metr hajmdagi havoni chang zarrachalari va ayrim radioaktiv izotoplardan tozalay oladi. Ultrabinafsha lampalar orqali havodagi bakteriyalarni deyarli toʻliq zararsizlantiradi. Eng ahamiyatli jihati shundaki, u oʻrnatilgan maxsus plastinkalar yordamida oʻzini oʻzi quvvatlaydi, bu esa elektr energiyasi sarfini keskin kamaytiradi. Sodda tuzilishi va ekologik xavfsizligi uni maktablar, shifoxonalar va boshqa jamoat joylarida qoʻllash imkonini beradi.

Ayni paytda loyiha ustida ish olib borgan jamoa qurilmani yanada takomillashtirish, texnik jihatdan yangilash va patentlash ustida harakat qilmoqda. Bu tashabbus yoshlarda ilmga ishonch uygʻotib, ekologik muammolarni mahalliy imkoniyatlar bilan hal etish mumkinligini isbotlaydi. Toza havo uchun qadam maktabdan boshlangani esa bu ishlanmaning eng katta yutugʻidir.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Muhammad Saloh faoliyatini Saudiyada davom ettirishi mumkin
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring