Namanganda adaptiv sport festivali oʻtkazildi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Alohida ehtiyojli insonlar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash, inklyuziv jamiyat barpo etishga qaratilgan islohotlar doirasidagi navbatdagi muhim tadbir “Inson uchun — teng imkoniyatlar uchun” shiori ostida tashkil etildi.
Ushbu festivalda jismoniy imkoniyati cheklangan yurtdoshlarimiz sportning turli yoʻnalishlari boʻyicha oʻz mahoratlarini namoyish etdilar. Tadbirda “Besh tashabbus paralimpiadasi”ning shahar va tuman bosqichlarida gʻolib chiqqan 364 nafar iqtidorli yoshlar ham ishtirok etdi. Ular oʻz harakatlari, irodasi va shijoati bilan tomoshabinlarga katta taassurot qoldirdilar.

Adaptiv sportning oʻndan ortiq turlari boʻyicha oʻtkazilgan koʻrgazmali chiqishlar va mahorat darslari festivalning eng yorqin jihatlaridan biriga aylandi. Koʻzi ojiz shaxmatchilar bilan sogʻlom ishtirokchilar oʻrtasidagi inklyuziv bellashuvlar, paradzyudo, parabadminton, para kamondan otish, aravachada qilichbozlik, para pauyerlifting va para stol tennisi kabi sport yoʻnalishlarida har bir ishtirokchining matonat va intilishlari yuksak baholandi.
— Koʻzimning zaif koʻrishiga qaramay, shashka bilan muntazam shugʻullanaman, — deydi Namangan viloyatining Pop tumanida yashovchi Ochilboy Saminov. — Turli musobaqalarda qatnashib, bir necha bor gʻolib boʻlganman. Bugungi festivalda sogʻlom raqobatchilarni ham yengib, inson chindan ham astoydil intilsa, koʻp narsalarga erishishi mumkinligini amalda isbotladim.

Tadbir doirasida oʻtkazilgan xayriya marafoni ham birdamlik va tenglik ruhida oʻtdi. Nogironligi bor insonlar start chizigʻidan marragacha boʻlgan masofani jamoaviy ruhda bosib oʻtdilar. Shuningdek, maxsus mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Unda nogironligi bor fuqarolarni ishga qabul qilayotgan tadbirkorlar uchun belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Festival insoniylik, hamdardlik va teng huquqli jamiyat sari tashlangan yana bir muhim qadam boʻldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring