Namanganda 3,6 milliard so‘mga madaniyat markazi ta’mirdan chiqarildi
Foto: Xalq so'zi
Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi Chindovul qishlog‘ining “Uchqo‘rg‘on” mahallasi ko‘rkiga – ko‘rk qo‘shgan bu bino yaqindagina ham anchagina ko‘rimsiz ahvolda bo‘lib, foydalanish uchun yaroqsiz holga kelgandi. Bugun u butunlay yangi qiyofa kasb etgan. Boisi, 3,6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, mukammal ta’mirdan chiqarildi.
Bu joy endilikda aholining maroqli horiq chiqarishi, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, san’atning o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlaricha mahoratlarini oshirishga xizmat qiluvchi maskanga aylanadi. Chunki, binoda 300 o‘rinli tomoshalar zali, o‘ndan ortiq mashg‘ulot xonalari bor. To‘garaklar faoliyatini tashkil etish uchun markazga 180 million so‘mlik musiqa asboblari tuhfa qilindi.
- Yangilangan va barcha qulayliklarga ega markaz nafaqat “Uchqo‘rg‘on” mahallasi, balki, yon atrofdagi “Shirinbuloq”, “Zamondosh” aholi istiqomatgohlari fuqarolari uchun ham sevimli maskanga aylanadi, -dedi inshootning ochilish marosimida so‘z olgan Kosonsoy tumani hokimi Dilmurod Qodirov. – Biz bu yerda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam tashkil etish, ijodiy to‘garaklar faoliyatini kuchaytirish orqali aholi barcha qatlamlarini qamrab olishni maqsad qilganmiz. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus” tadbirlari yanada izchil tus oladi.
Yangilangan markaz taqdimoti katta bayramga aylandi. Unda tuman madaniyat bo‘limi iste’dodlari tomonidan namoyish etilgan dastur tomoshalar zalidagi dastlabki badiiy chiqish sifatida to‘planganlar ko‘nglini shod etdi.
Ma’lumot uchun, Namangan viloyatida ayni paytda 80 dan ziyod madaniyat markazlari mavjud bo‘lib, keyingi paytda ularning 45 tasi mukammal ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy qiyofaga kiritildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring