Muxlislar noroziligidan soʻng FIFA 60 dollarlik chiptalarni taqdim etdi

15:32 17 Dekabr 2025 Sport
288 0

FIFA Jahon chempionati chiptalari narxi boʻyicha muxlislarning keskin tanqidlaridan soʻng “Supporter Entry Tier” deb nomlangan yangi arzon toifani joriy qildi. Ushbu toifadagi chiptalarning narxi 60 AQSH dollari (taxminan 51 yevro)ni tashkil etadi.

Maʼlum boʻlishicha, yangi arzon chiptalar 2026-yilda AQSH, Meksika va Kanadada oʻtadigan Jahon chempionatining barcha 104 ta oʻyiniga, jumladan final bahsiga ham amal qiladi. Bu muhim yangilik hisoblanadi, chunki avvalgi rejalarga koʻra, milliy federatsiyalar orqali sotiladigan final chiptalari uchun eng arzon narx 4 ming dollardan past emas edi.

Yangi toifadagi chiptalar ishtirokchi milliy terma jamoalar uyushmalariga (PMA) ajratiladigan chiptalarning 10 foizini tashkil etadi. FIFA bayonotiga koʻra, umumiy hisobda har bir PMA uchun ajratilgan chiptalarning yarmi eng arzon toifalarga — 40 foizi “Supporter Value Tier”, 10 foizi esa “Supporter Entry Tier” hissasiga toʻgʻri keladi.

Chiptalar kimlarga berilishini milliy federatsiyalarning oʻzi hal qiladi. Yaʼni ular ariza topshirish tartibi va “terma jamoaga yaqin, sodiq muxlislar”ni aniqlash mezonlarini mustaqil belgilaydi. Masalan, Shotlandiya futbol assotsiatsiyasida har bir guruh oʻyini uchun taxminan 370–390 ta 60 dollarlik chipta boʻlishi mumkinligi hisoblab chiqilgan.

Shuningdek, FIFA pley-off bosqichi chiptalariga ariza bergan, ammo jamoasi keyingi bosqichga chiqa olmagan muxlislar uchun qaytarish jarayonida maʼmuriy toʻlovlar undirilmasligini maʼlum qilgan. Eslatib oʻtamiz, 2026-yilgi Jahon chempionati tarixdagi eng qimmat musobaqa boʻlishi kutilmoqda. Shunga qaramay, FIFA talab yuqori ekanini va soʻnggi sotuv bosqichida 20 milliondan ortiq ariza kelib tushganini taʼkidlamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?