Mudofaa sohasidagi innovatsion texnologiyalar namoyishi

20:19 29 May 2025 Jamiyat
219 0

Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida “Mudofaa sohasida innovatsion texnologiyalar — 2025” festivali start oldi.

Unda Qurolli Kuchlarga zarur boʻlgan zamonaviy texnologiyalar, metallurgiya, kimyo sanoati hamda tekstil sohasida ikki maqsadga moʻljallangan ishlab chiqaruvchi tashkilot, yirik korxonalar, jismoniy shaxslar va ixtirochilar oʻzlarining mahsulotlari bilan ishtirok etishmoqda.

Festival avvalida tantanali ochilish marosimi tashkil etilib, unda soha mutasaddilari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari jam boʻldi. Tadbir avvalida bir guruh masʼullar soʻzga chiqib, yurtimizda ikkinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu festivalning ahamiyati haqida toʻxtalishdi.

Qayd etish joizki, soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida milliy armiyamiz qiyofasini tubdan oʻzgartirish, harbiy sohaga oid innovatsion gʻoyalar hamda texnologiyalarni keng joriy etish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik tadbirlarini samarali yoʻlga qoʻyish borasida keng koʻlamli amaliy ishlar olib borilmoqda.

— Yurtimizda zamonaviy mudofaa sanoati sohasida ham qisqa davrda tub islohotlar amalga oshirildi, yangi zavod va korxonalar barpo etilib, zamonaviy texnologiya va uskunalar olib kelindi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri, general-mayor Shuxrat Xalmuxamedov. — Oʻtgan yillar mobaynida mavjud harbiy zavodlarimiz modernizatsiya qilindi. Xususan, harbiy-texnik sohada 50 ga yaqin davlatlar bilan hamkorlik oʻrnatilib, 30 dan ortiq ilgʻor xorijiy kompaniyalar bilan shartnomalar imzolandi. 40 ta mahalliy korxonalar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlari 155 taga yetkazilib, xizmat koʻrsatish 2,5 barobarga oshirildi.

Mazkur festival ham innovatsion gʻoyalarni amaliyotda sinovdan oʻtkazish, yoshlar oʻrtasida zamonaviy texnologiyalarga qiziqishni yanada kuchaytirish va muhandislik sohalariga keng jalb qilish, ishlab chiqaruvchi mahalliy korxona hamda tashkilotlarni mudofaa sanoati sohasiga yoʻnaltirishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

Festivalning bu yilgi tadbirlari doirasida ham mudofaa sanoatiga oid zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnikalar, robototexnikalar, kimyo-texnologiyalari, kon-metallurgiya sohasiga oid mahsulotlar koʻrgazmasi namoyish qilinmoqda. Shuningdek, festival doirasida yoshlar oʻrtasida “Kiber sport”, “Xakerlik ustasi”, “Dasturlash”, “3D modellashtirish texnologiyalari”, “Robotlar jangi”, “Uchuvchisiz uchish apparatlarini loyihalashtirish”, “Raketamodel”, “Dron-reysing” va “Kelajak transport texnologiyalari robototexnikasi” yoʻnalishlarida musobaqalar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Taʼkidlash lozimki, dasturlash va robototexnikaga qiziqadigan yoshlar uchun ushbu festival oʻz gʻoyalarini roʻyobga chiqarish hamda sohadagi bilimlarini yanada rivojlantirish yoʻlida birinchi qadam boʻladi. Festivalda saralab olingan iqtidorli yoshlar va fuqarolarga kelgusida Mudofaa sanoati korxona hamda zavodlarida oʻzlarining ishlanmalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishlari va ishga joylashishlari uchun keng imkoniyatlar yaratishi bilan ham ahamiyatlidir.

Festival 31-mayga qadar davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер