Muammoning yechimi oʻzimizga bogʻliq
Dunyo miqyosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talab keskin oshayotgan mahal sugʻoriladigan yerlar qatori lalmikorlikda ham hosildorlikni koʻtarish, urugʻchilik tizimini namunali yoʻlga qoʻyish juda muhimdir. Masalan,noʻxat yetishtirishda. Maʼlumotlarga koʻra, har yili respublikamiz boʻyicha 55 ming gektar lalmikor yerlarda fermerlar va aholi tomonidan noʻxat yetishtirilmoqda. Afsuski, olinayotgan hosildorlik 4 sentnerga ham bormayapti. Koʻrinib turibdiki, noʻxat ekilayotgan maydon ham hosildorlik salmogʻi ham juda kam. Nega?..

- Eng katta muammo urugʻchilikning yoʻlga qoʻyilmagani. Mahalliy navlar koʻp, ammo uni sifatli tayyorlab dehqonlarga tavsiya etadigan, kerak boʻlsa joylargacha yetkazib beradigan tizimning oʻzi yoʻq. Joylarda noʻxat ekadigan maxsus texnikalar ham yetishmaydi, — deydi Lalmikor dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktorining oʻrinbosari, qishloq xoʻjalik fanlari boʻyicha falsafa doktori Mamatqul Joʻrayev. — Vaholanki, bozorda shu mahsulotga boʻlgan talab yuqori. Har yili Eron va boshqa davlatlardan import qilinadigan noʻxatga bu yil Yaqin Sharqdagi urush tufayli umid qilishning iloji yoʻq. Demak ichki bozorni toʻldirish faqat oʻzimizga bogʻliq. Ana shu maqsadda joriy yil fevral oyining oʻrtalarida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bilan hamkorlikda Samarqand viloyatining Payariq tumanida, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanlarida dala oʻquv seminarlari oʻtkazildi va fermerlarga noʻxat yetishtirishda kam xarajatli ekish usullaridan foydalanish boʻyicha tavsiyalar berildi. Ayni chogʻda ham noʻxat ekish ishlari davom etyapti. Yogʻingarchiliklar esa fermerlarga qulaylik yaratmoqda. Chunki tuproqqa tushgan urugʻ tez unib chiqadi, yaxshi rivojlanadi.

Mamatqul Joʻrayevning taʼkidlashicha, olimlarning tadqiqotlarida aniqlandiki, surunkali gʻalla ekish natijasida tuproqdagi chirindi miqdori qariyb 50 foizga kamayib ketadi.Bunday dalalarda dukkakli ekinlarni ( noʻxat, xashaki noʻxat) almashlab ekish tuproqdagi chirindi miqdorini sezilarli darajada tiklab beradi. Ana shu sababli ham lalmikorlikda noʻxat yetishtirishni hozirgiga nisbatan oʻn karra, yuz karra koʻpaytirish har tomonlama foydali.

-Noʻxatning “Zabardast”, “Iftixor”, “Loʻnda”, “Guliston”, “Yulduz”, “Lazzat” va “Oʻzbekiston–32”singari mahalliy navlaridan lalmikor yerlarda gektaridan 13-15 sentnerdan hosil koʻtarish mumkin. Faqat buning uchun urugʻchilikni tizimli ravishda tashkil etish, kafolatli urugʻchilik tizimini yaratish zarur. Afsuski, keyingi yillarda fermer xoʻjaliklari tomonidan sinovdan oʻtmagan va ishonchli boʻlmagan xorijiy urugʻlarning ekilishi natijasida urugʻlar unib chiqmay chirib ketishi, turli kasalliklar bilan zararlanishi kuzatilmoqda,- deydi Mamatqul Joʻrayev. – Ana shu sababli noʻxat yetishtiruvchi fermerlar, shaxsiy tomorqa egalariga olimlar maslahatiga quloq tutishni, respublikamizda ekishga ruxsat etilgan navlarni tanlashni tavsiya etamiz. Qolaversa, bugun qishloq xoʻjaligida importni emas, balki ichki bozorni toʻldirish, mahsulotning ortiqchasini eksportga yoʻnaltirishni koʻzlayotgan ekanmiz, lalmikor yerlarda hosildorlikni oshirishga xalaqit berayotgan muammolarning barchasi tegishli idoralar tomonidan tezkorlik bilan bartaraf etilishi zarur.
Abdunabi ALIQULOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring