Moskvada kurash boʻyicha Rossiya terma jamoasining tojikistonlik murabbiyi hibsga olindi

Moskvada erkin kurash boʻyicha Rossiya yoshlar terma jamoasining kelib chiqishi tojikistonlik boʻlgan murabbiyi Alisher Ismatzoda hibsga olindi. Bu haqda “Первый Русский” xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Rossiya Tergov qoʻmitasi Alisher Ismatzodani terrorchilik faoliyatiga yordam berishda ayblagan. Ommaviy axborot vositalari murabbiyning hibsga olinishi Dogʻistondagi teraktlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Moskvaning Shcherbinsk tumani sudi Ismatzodaga 28-avgustga qadar qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tayinlagan.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, Ismatzoda Rossiyada taqiqlangan tashkilotni moliyalashtirishda ishtirok etgan. Bu qaysi tashkilot ekaniga aniqlik kiritilmagan. Xususan, erkak terrorchilik faoliyatida ayblangan yoki bunday jinoyatlarda gumon qilingan shaxslarga pul oʻtkazib bergani aytilmoqda.
“Gap 100 rubl, 1 ming va 9 ming rubl pul oʻtkazmalari haqida ketmoqda”, deyiladi xabarda.
Sud jarayonida Ismatzodaning advokatlari uning hech qachon terrorchilik harakatlarida ishtirok etmagani va rejalashtirmaganini taʼkidlab, uning aybsizligini bildirgan.
Dogʻistonda sodir boʻlgan terakt oqibatida 20 kishi halok boʻldi, 44 kishi yaralandi.
Dogʻistonning Darband va Maxachqalʼa shaharlariga terrorchilar hujum uyushtirildi. Otishmalarda jami 20 nafar odam halok boʻldi. Ularning 17 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari, 44 nafar fuqaro, jumladan 37 nafar kuchishlatar tizimi vakillari yaralandi.
Shundan soʻng Dogʻistonda uch kunlik motam eʼlon qilindi.
Terrorchilardan ikki nafari Dogʻistondagi tuman rahbarlaridan birining oʻgʻillari boʻlib chiqdi, deya xabar berdi “Interfaks”.
Sobiq UFC chempioni Habib Nurmagomedov Instagram sahifasiga joylagan postida holatni keskin qoraladi va terakt oqibatida qurbon boʻlganlarning oila aʼzolariga taʼziya izhor qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Darband va Maxachqalʼa shaharlarida sodir etilgan terrorchilik harakatlari oqibatida koʻplab huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari va fuqarolar qurbon boʻlgani munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinga maktub yoʻllab, chuqur hamdardlik bildirdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston TIV mintaqadagi teraktlar yuzasidan munosabat bildirib, holatni keskin qoraladi.
“Dogʻistonda sodir etilgan shafqatsiz terrorchilik hujumlarini keskin qoralaymiz. Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi nomidan halok boʻlganlarning barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz”, deya yozdi TIV rahbari Baxtiyor Saidov.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Oʻzbekiston terma jamoasi Quvayt bilan 2 ta oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi
- JSST: Gʻazoda birorta shifoxona toʻliq ishlamayapti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring