«Misli ko‘rilmagan va kutilmagan qaror»

11:45 09 May 2018 Jamiyat
2332 0
Фото: amerikaovozi.com

Xalqaro tashkilotlar, ekspertlar O‘zbekistonda inson huquqlari sohasidagi natijalarga ana shunday baho berishmoqda.

Kuni kecha jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sudlanuvchilar Bobomurod Abdullayev, Ravshan Salayev, Shavkat Olloyorov va Hayotxon Nasreddinovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakunlandi. Sudning barcha majlisida nafaqat mahalliy, balki xorijlik jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, mustaqil huquq himoyachilari hech qanday to‘siqlarsiz qatnashib, jarayonni oshkora hamda xolis kuzatib bordi. O‘z navbatida, voqealar rivoji O‘zbekiston va chet el ommaviy axborot vositalari, internet saytlarida batafsil yoritildi, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.

Binobarin, sud ishi demokratik qonunlar hamda insonparvarlik prinsipiga qat’iy rioya etilgan holda nihoyasiga yetdi. Jumladan, sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq ko‘rib chiqqan holda, B. Abdullayevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 3-qismi “b” bandida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor, deb topdi hamda Jinoyat kodeksining 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘lladi. Ya’ni unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Shuningdek, B. Abdullayev hibsda 221 kun saqlangani e’tiborga olindi. Qolganlar esa bu borada aybsiz, deb topilib, oqlandi. Sudlanuvchilarning barchasi sud zalidan ozodlikka chiqarildi.

Shu kunlarda xorijlik ekspertlar, xalqaro tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur sud protsessida ochiqlik hamda adolat tamoyillari ta’minlangani haqida fikr bildirishar ekan, bu O‘zbekistonda so‘nggi yillarda barcha jabha qatori sud, inson huquqlarini ta’minlash, jamiyatda qonun ustuvorligini qaror toptirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar samarasi ekanligini aytishmoqda.

Xususan, Shvetsiyadagi Fuqaro erkinliklari himoyachilari tashkiloti, Fransiyadagi Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Belgiyadagi Inson huquqlari uchun xalqaro hamkorlik tashkiloti B. Abdullayev va uning sheriklari ozod etilganini olqishlagan hamda O‘zbekistonda sud-huquq tizimi mustaqilligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadallashaverishiga umid bildirgan.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Matbuot erkinligi bo‘yicha vakili Harlem Desir ham bu juda muhim hodisa ekanligini bayon qilgan.

“Amnesty International” tashkiloti sudning Bobomurod Abdullayevni ozod etish qarori o‘zbek jurnalistlariga umid berishini ta’kidlagan.
“Amerika ovozi” teleradiosi sharhlovchisi Navbahor Imamovaning yozishicha, AQSh hamda Yevropa ittifoqidagi xalqaro huquq tashkilotlari O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblangan ikki jurnalist va ikki tadbirkor sud zalidan ozod qilinganini “tarixiy voqea”, deya baholamoqda. Sud jarayonining boshidanoq ochiq kechgani, ayblanuvchilar diqqat bilan tinglangani, bularni O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari ham yoritgani, masala ijtimoiy tarmoqlarda hamda jamoatchilik orasida keng muhokama etilgani o‘tgan bir yarim yil mobaynida O‘zbekistonda olib borilgan izchil islohotlar samarasi sifatida qabul qilinayapti.

O‘zbekistonda deyarli chorak asr mobaynida konstitutsiyaviy tuzumga qarshi harakatda ayblangan insonlar aksariyat hollarda og‘ir jazolarga mahkum etilgani, mahkama yopiq kechib, jarayon bilan bog‘liq savollar javobsiz qolgani, ayblov asossiz ekani haqidagi iddaolar tinglanmagani, apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilganida ham hukm o‘zgarmaganini hisobga olsak, B. Abdullayev va uning sheriklari ishi ozodlik bilan yakun topgani kutilmagan yangilikdir.

Toshkentda hammaning e’tiborida turgan jinoiy ish ijobiy yakun topgani Shavkat Mirziyoyevni o‘arb nazarida real islohotlar qilayotgan va mamlakatini yangi yo‘ldan olib borayotgan rahbar sifatida ko‘rsatadi.

O‘zbekiston yaqinda AQShning inson huquqlari haqidagi yillik hisobotida tarixda ilk bor ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgan davlat sifatida tilga olindi.

“Human Rights Watch” xalqaro tashkilotining O‘zbekiston bo‘yicha vakili Stiv Sverdlov sudlanuvchilarning ozod etilishini “Misli ko‘rilmagan va kutilmagan qaror”, deb baholadi.

S. Sverdlov bundan avvalroq “Amerika ovozi”ga bergan intervyusida bu sud ishi butun O‘zbekiston jamiyati uchun muhim bir sinovligini ta’kidlab o‘tgandi. U mahalliy internet nashrlari nozik masalalar muhokama qilinayotgan mazkur jarayonni kuzatib, uni yoritayotgani tahsinga sazovorligini qayd etib o‘tdi: “Ayblanuvchilarning gaplarini bemalol eshitayapmiz. Yillar oldin biz bunday holatlarga guvoh bo‘lamiz, deb xayolga ham keltirmagan edik. Ochiq sud, ochiq muhokama. Qiynoqlar haqida ham ochiq gaplar yangradi”.

S. Sverdlov O‘zbekiston hukumati hamda “HRW” o‘rtasidagi muloqot kengaygani va chuqurlashganiga ham urg‘u bergan: “Tanqidimizni eshitishayapti. Fikr almashayapmiz. Bir-birimizni tinglayapmiz. Ochiq tadbirlar o‘tkazish, ularda tanqidiy materiallari bilan tanilgan faollar hamda jurnalistlar qatnashishi uchun sharoit zarurligi haqida gaplashmoqdamiz. Huquqbuzarlik, qonunbuzarlik hollari to‘g‘risida erkin muloqot qilish uchun zamin yaratilishi kutilmoqda. Islohot o‘tmishni tahlil etib, xatolardan o‘rganish demakdir. Shu bois ham hozirgi muloqotimiz umid bag‘ishlaydi”.

“The Diplomat” onlayn jurnali boshqaruvchi muharriri Katerin Puts o‘z nashrida O‘zbekistonda shu kabi ishlar bilan bog‘liq sud jarayoni tanish ekanligi, lekin uning natijalari kutilmagan bo‘lganini ochiq tan olgan.

“Shavkat Mirziyoyev Prezident lavozimiga kelishi bilan O‘zbekistonda umidli islohotlarni boshladi, — deydi u. — Bunga huquq himoyachilari va mintaqaviy kuzatuvchilar qatori men ham — barchamiz Abdullayev ishida yana bir bor guvoh bo‘ldim”.

Jurnalist Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z islohotlar dasturini yaratishda O‘zbekiston qo‘shnilari hamda xalqaro hamkorlari bilan aloqalarni kengaytirish, mintaqaning investitsiyaviy salohiyatini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratayotganini qayd etgan. Qolaversa, K. Puts mamlakatimizda inson huquqlari va matbuot erkinligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarga ham o‘z nuqtai nazarini bildirib o‘tgan: “Bu borada Shavkat Mirziyoyev tomonidan, shubhasiz, ijobiy qadamlar tashlanmoqda. Siyosiy mahbuslarni ozod qilish deysizmi, qiynoqlarga chek qo‘yishmi yoki mamlakatda “Human Rights Watch” tashkiloti faoliyat yuritishi uchun ruxsat berish yoxud B. Abdullayev ishini ko‘rishda ochiqlikni ta’minlashmi — barchasida sa’y-harakatlar qat’iyligiga ishonch hosil qilish mumkin”.

S. MAXSUMOV
tayyorladi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер