Milliy test tizimi doirasida ona tili va adabiyot fanidan boʻlib oʻtgan imtihon materiallari avvaldan tarqatilganmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda 2025-yil noyabr oyida Milliy test tizimi doirasida ona tili va adabiyot fanidan boʻlib oʻtgan imtihon materiallarining imtihondan avval tarqalgani toʻgʻrisida xabarlar eʼlon qilindi. Mazkur holat yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligi munosabat bildirdi.
Unda aytilishicha, Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan savollar oʻqituvchilar tomonidan shakllantirilgan savollar boʻlib, ular orasida avvalgi imtihonlarda foydalanilgan test savollari ham mavjud boʻlgan. Bu test variantlarining ekvivalentligini taʼminlash maqsadida amalga oshiriladigan holat boʻlib, oldingi imtihondagi ayrim test topshiriqlari keyingi imtihondagi test varianti tarkibiga maqsadli tarzda kiritiladi.
Badiiy asarlar asosida shakllantiriladigan test topshiriqlari haqida shuni taʼkidlash joizki, Agentlikning rasmiy saytida mustaqil oʻqish uchun tavsiya etiladigan 40 ta badiiy asar roʻyxati eʼlon qilingan. Test variantidagi adabiyot nazariyasi va adabiyot tarixini bilishga doir savollar mazkur roʻyxatdagi asarlar asosida shakllantiriladi. Repetitorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan oʻqituvchilar esa ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalarida turlicha asarlarni ehtimoliy asarlar sifatida eʼlon qilishdi – ayrimlari qaysidir toʻrt-beshta, ayrimlari boshqa uch-toʻrtta asar nomini eʼlon qildi va, tabiiyki, imtihon test varianti tarkibidagi test topshirigʻi qaysidir bir taxmin qilingan asarlar bilan mazmunan mos kelgan. Bu holat test materiallari oldindan tarqatilganligini anglatmaydi.
Agentlikning qoʻshimcha qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda yozma ish mavzularining oldindan oshkor qilinganligi haqidagi xabarlar ham asossizdir.
“Esse mavzularining imtihon savollari bilan muvofiqligi agentlik tomonidan oʻrganib chiqildi. Tahlil jarayonida mazkur holat turli omillar taʼsirida yuzaga kelganligi maʼlum boʻldi. Xususan, imtihon jarayonlarida esse mavzulari sifatida ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etayotgan, omma eʼtiborida boʻlgan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan, tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan, talabgorlar ommasiga birdek tanish, dolzarb va qiziqarli mavzular tanlanmoqda. Talabgor uchun notanish mavzu uning tilni bilishga oid bilimlarini aniqlashga xizmat qilmasligi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda imtihon arafasida taxminiy mavzular sifatida yuzlab mavzular eʼlon qilina boshladi”, — deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, ayrim mavzular imtihondagi yozma ish mavzulari mazmun doirasida boʻlsada, muhokama obyekti aynan bir xil emas. Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda taxmin sifatida eʼlon qilingan mavzulardan biri alifbo va imlo islohoti haqida, imtihonda yozma ish topshirigʻi sifatida taqdim etilgan mavzu esa imloviy savodxonlik va aqliy salohiyat oʻrtasidagi bogʻliqlik borasida boʻlgan. Talabgorlarning imtihon topshirigʻi mazmuniga diqqat qaratmaganliklari oqibatida ijtimoiy tarmoqlardagi oldindan muhokama qilingan mavzuga mos esse yozib chiqqanligi esa yozma ish mavzusining oldindan tarqatilganligi haqidagi shubhalarning paydo boʻlishi, qolaversa, koʻplab yozma ishlarning “mavzuga mos boʻlmagan” ish sifatida baholanishiga sabab boʻlgan.
“Talabgorlarning yozma ishlarini baholash davom etmoqda. Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, Bilim va malakalarni baholash agentligi oʻz faoliyatini amalga oshirishda xolislik, adolat va shaffoflik tamoyillariga sodiqdir”, — deyiladi agentlik munosabatida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring