Milliy kino sanʼatimizning yangi sahifasi

23:57 20 Avgust 2025 Madaniyat
180 0

Maʼlumki, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi sahifalarini xolis, atroflicha oʻrganish va ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, yurtimiz taraqqiyoti solnomasida oʻzidan yorqin iz qoldirgan atoqli allomalar, adib va mutafakkirlar, mashhur hukmdor va harbiy sarkardalarning ibratli hayoti va faoliyatini ilm-fan, adabiyot va sanʼat vositalari orqali keng yoritish, shu tariqa yoshlarimizni ajdodlar merosiga hurmat va sadoqat, yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoʻlida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Eʼtiborli jihati, bu borada kino sanʼatining taʼsirchan va jozibali kuchidan unumli foydalanishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda 2024-yil 5-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kinematografiya sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimiz tarixiga bagʻishlangan filmlar turkumini yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganini alohida taʼkidlash joiz.

Ushbu hujjatga asosan “Tirik tarix” deb nomlangan yirik loyiha doirasida milliy kino sanʼatimiz tarixida ilk bor badiiy, badiiy-publitsistik, qisqa metrajli, hujjatli, animatsion film va seriallardan iborat jami 54 ta kino asar yaratish ustida keng koʻlamli ish olib borilmoqda. Mazkur filmlarda xalqimizning qadimiy davlatchilik tarixi, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyat va anʼanalarimiz, dunyo sivilizatsiyasi ravnaqiga unutilmas hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimizning serqirra hayoti va bebaho merosini toʻlaqonli aks ettirish asosiy vazifa etib belgilangan.

Bu yoʻnalishda boshlangan ishlar oʻzining dastlabki natijalarini bera boshlaganini qayd etish lozim. Oʻtgan yili “Bahodir Yalangtoʻsh”, “Maxtumquli Firogʻiy”, “Ajiniyoz” badiiy filmlari yaratilib, tomoshabinlarga taqdim qilindi va jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻldi. Ayni paytda yana bir qancha kartinalarni tasvirga olish, montaj va ovozlashtirish ishlari davom etmoqda.

Shu yil 20-avgust kuni poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida “Tirik tarix” dasturi boʻyicha suratga olingan yana bir keng qamrovli kino asar – “Ulugʻ Amir va donna Mariya” tarixiy badiiy filmining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taniqli madaniyat va sanʼat namoyandalari, tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, xorijiy mehmonlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

– Yangi film taqdimotiga yurtimizning keng jamoatchiligi, xorijiy mehmonlar kelganidan xursandmiz, – dedi Kinematografiya agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Shuhrat Rizayev. – Prezidentimiz oʻtgan yili may oyida kino sohasi vakillari bilan uchrashib, Vatanimizning uch ming yillik ulkan tarixiga oid filmlar yaratish boʻyicha gʻoyalarni ilgari surgan edilar. “Ulugʻ Amir va donna Mariya” tarixiy badiiy filmi ham bu boradagi ijodiy izlanishlar natijasidir.

Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “Oʻzbekfilm” kinokonserni hamda Turkiyaning “Kanguru” kinokompaniyasi hamkorligida suratga olingan mazkur filmda Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatining shu choqqacha koʻpchilikka nomaʼlum boʻlgan ibratli jihatlari toʻgʻrisida hikoya qilinadi.

Maʼlumki, olamshumul faoliyati bilan oʻz davrining siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy hayotiga ulkan taʼsir koʻrsatgan buyuk Amir Temur haqli ravishda insoniyat tarixidagi eng mashhur davlat arboblaridan biri, yengilmas sarkarda, donishmand bunyodkor, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatida eʼtirof etiladi.

Shu bois ulugʻ ajdodimiz haqida dunyoning turli mamlakatlarida koʻplab ilmiy va badiiy kitoblar, pyesa va filmlar, tasviriy sanʼat asarlari yaratilgan. Oʻzbek va turk kino ustalari tomonidan suratga olingan yangi filmda ham Sohibqironning ana shunday ibratli fazilatlari, “Kuch – adolatda” degan hayotiy tamoyilni qaror toptirish yoʻlidagi saʼy-harakatlari, uning tabiatiga xos boʻlgan beqiyos azmu shijoat bilan birga kechirimlilik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat singari xususiyatlar taʼsirchan badiiy vositalar orqali ochib berilgan.

Taniqli adib Xayriddin Sulton ssenariysi asosida yaratilgan “Ulugʻ Amir va donna Mariya” badiiy filmi avvalo murakkab syujet chizigʻi, mavzuning original talqini, tarix va bugungi kun voqeliklarini uygʻun va mushtarak holda badiiy aks ettirishi, dramatik intrigalarga boyligi bilan tomoshabinlar eʼtiborini tortadi.

Film voqealari biryoʻla ikki parallel yoʻnalishda shiddatli rivojlanib boradi. Unda olis oʻtmish va zamonaviy hayot manzaralarining betakror tasvirlari bir-birini tabiiy tarzda toʻldiradi. Kinoasarni tomosha qilgan maʼrifatli tomoshabin beixtiyor inson ruhiyatining cheksiz va sirli sarhadlari haqida, avlodlar oʻrtasidagi uzviy rishtalar, bu dunyoda qachondir yuz bergan biron voqea-hodisa hech qachon izsiz ketmasligi xususida falsafiy oʻylarga toladi.

Tasvirga olish ishlari Turkiya va Oʻzbekiston hududida olib borilgan ushbu yirik xalqaro ijodiy loyihani muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarishda yana koʻplab mahalliy va xorijiy kinomutaxassislar, rassom va operatorlar, dizaynerlar, kompyuter grafikasi ustalari, prodyuser va kaskadyorlarning ham munosib xizmatlari bor.

Mazkur film “Qor qoʻynida lola”, “Orzu ortida”, “Chashma”, “Afgʻon”, “Faridaning ikki ming qoʻshigʻi”, “Evrilish” singari kino asarlari bilan shuhrat qozongan isteʼdodli kinorejissyor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Yolqin Toʻychiyev tomonidan suratga olingan.

Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimiz mustaqilligining 34-yillik bayramiga munosib tuhfa sifatida yaratilgan “Ulugʻ Amir va donna Mariya” badiiy filmi milliy kino sanʼatimiz rivojida yangi sahifa ochishi shubhasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер