Meta inson faoliyatini taqlid qiluvchi sunʼiy intellekt modelini patentladi

10:02 13 Fevral 2026 Dunyo
240 0

Business Insider nashrining xabar berishicha, Meta kompaniyasi 2025-yil dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchi faoliyatini uning yoʻqligida taqlid qila oladigan neyrotarmoq modeli uchun patentni roʻyxatdan oʻtkazgan.

Texnologiyaning asosiy muallifi sifatida kompaniyaning texnik direktori Endryu Bosvort koʻrsatilgan. Patent arizasi 2023-yilda topshirilgan.

Patent matnida taʼkidlanishicha, til modeli foydalanuvchi ijtimoiy tarmoq tizimida mavjud boʻlmagan holatlarda, masalan, u uzoq muddatli tanaffus olganida yoki vafot etganida uning harakatlarini taqlid qilish uchun ishlatilishi mumkin.

Nashr yozishicha, texnologiya foydalanuvchining platformada toʻplangan shaxsiy maʼlumotlari: izohlari, “layk”lari va joylashtirgan kontenti asosida uning raqamli klonini yaratishni nazarda tutadi.

Shu asosda neyrotarmoq boshqa foydalanuvchilar kontentiga javob qaytarishi, profilda faollikni saqlashi, “layk” bosishi, izoh qoldirishi va shaxsiy xabarlarga javob berishi mumkin. Patentda, shuningdek, video yoki audioqoʻngʻiroqlarni taqlid qilish imkonini beruvchi texnologiya ham tilga olingan.

Mualliflar fikricha, bu texnologiya ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati orqali daromad topuvchi blogerlar uchun foydali boʻlishi mumkin, chunki ular vaqtincha dam olish imkoniga ega boʻladi. Shuningdek, foydalanuvchi vafot etgan taqdirda ham texnologiya uning obunachilari bilan oʻzaro aloqani maʼlum darajada saqlab turishi mumkin.

Patent matnida qayd etilishicha, agar foydalanuvchi vafot etgan boʻlsa va platformaga hech qachon qaytmasa, uning taʼsiri yanada jiddiy va doimiy tus oladi.

Meta kompaniyasi hozircha ushbu texnologiyani amaliy qoʻllashni rejalashtirmayotganini maʼlum qildi. Shuningdek, kompaniya patent olinishi uni ishlab chiqish, joriy etish yoki amalda qoʻllash majburiyatini anglatmasligini taʼkidlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер