“Mendan ketguncha, egasiga yetguncha”

11:41 29 Aprel 2025 Jamiyat
533 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Biror-bir nufuzli tadbir oʻtkaziladigan boʻlsa Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat axborot-kutubxona markazi xodimlari xavotirga tushib qoladi. “Ishqilib, mehmonlar Abu Ali ibn Sino haykali oldiga borishmasin-da,”, deya yurak hovuchlab turadi.

Xavotir oʻrinli. Markaz hovlisining kunbotar tarafida oʻrnatilgan haykalga yaqinlashgan kishi taajjubdan yoqa ushlashi tayin. Plitalar oʻrnidan koʻchib ketgan. Ular orasidan yantoqlar boʻy choʻzib turibdi. Qoʻl uchida bajarilgani oqibatida suvoq abgor holga kelgan. Mabodo, falakning gardishi bilan haykalga zabon bitganida u bu ishning “ijodkor”lari shaʼniga achchiq-chuchuk gaplarni qalashtirib tashlar va bu soʻzlardan zigʻircha vijdoni bor kishi yer yorilsa kirib ketgudek holga tushardi.

Bu dunyoda “Avitsenna” nomi bilan tanilgan, maʼnaviy merosi oldida jahon tibbiyoti hali-hanuz bosh egadigan buyuk ajdodimiz xotirasiga hurmatsizlik emasmi?!

Sirasini aytganda, markazda kapital taʼmirlash ishlari bajarilganiga nari borsa ikki-ikki yarim yilcha boʻldi. 281 mingdan ziyod kitob fondiga ega, millat tarixi va madaniyatiga oid noyob adabiyotlar, qoʻlyozma asarlar va davriy nashrlar saqlanayotgan markazda taʼmirlash-tiklash ishlari uchun davlatimiz tomonidan 7 milliard 569 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgandi.

Mana, haykal atrofidagi ahvoldan voqif boʻldik. Vaholanki, markaz ichkarisida ham taʼbni xira qiladigan hollar ancha. “Mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilidagi ishlarni nazarda tutayapmiz, albatta. Keling, ulardan esa soʻz ochmay qoʻya qolaylik. Balki viloyat va shahar masʼullari, tegishli idoralar rahbarlari ularni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, tegishli xulosa chiqarishar. Nima dedingiz?

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?