“Melaniya bilan yuztuban yiqilishimizga bir baxya qoldi” — Tramp BMTda unga sabotaj qilinganini aytdi

Foto: AP
AQSH prezidenti Donald Tramp BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasiga tashrifi chogʻida “uchta koʻngilsiz voqea”ni boshdan kechirdi. Jumladan, u va rafiqasi Melaniya chiqqan eskalator toʻsatdan toʻxtab qoldi, nutq qilayotganda telesuflyor ishlamay qoldi, nutqi paytida zalda ovoz yoʻqolib qoldi.
Tramp voqealarni tergov qilishni talab qilib, ularni uch karra sabotaj deb atadi.
“Kecha Birlashgan Millatlar Tashkilotida haqiqatdan ham sharmandali voqea yuz berdi — bir emas, ikkita emas, uchta juda koʻngilsiz voqea!” — deb yozdi u oʻzining “Truth Social” ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida.
«…Melaniya bilan yuztuban yiqilishimizga bir baxya qoldi. Tutqichlarni mahkam ushlab olganimiz uchungina, bu falokat bilan yakunlanmadi”, — deydi u.
Trampning soʻzlariga koʻra, “bu aniq sabotaj edi”. U, shuningdek, BMT xodimlarining “eskalatorni oʻchirish haqida hazillashayotganini” eshitgan guvohlar haqida ham gapirdi.
“Buni qilganlar qamoqqa olinishi kerak!”, — deydi u.
Tramp bular tasodif emasligini aytib, BMT Bosh Assambleyasidagi voqealar haqida Bosh kotib Antoniu Guterrishga maktub yuborishini qoʻshimcha qildi.
Sabotaj boʻlganmi?
BMT shtab-kvartirasi Trampning sabotaj ayblovlarini rad etdi. Bosh kotib matbuot kotibi Stefan Dyujarrik bayonotida, Tramp va Melaniyani suratga olish payti eskalatorda orqaga qaytgan AQSH prezidenti matbuot xizmati operatori oʻrnatilgan xavfsizlik moslamasini ishga tushirib yuborganini tushuntirdi.
Biroq, bu tushuntirish Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levittni qanoatlantirmadi, u voqeaning tubiga borishga vaʼda berdi.
“Agar BMTda kimdir eskalatorni prezident va birinchi xonim koʻtarilayotganda qasddan toʻxtatgan boʻlsa, ular zudlik bilan ishdan boʻshatilishi va tergov qilinishi kerak”, — deydi Levitt. Uning qoʻshimcha qilishicha, prezidentning xavfsizlik guruhi voqeani tergov qilmoqda.
BMT Bosh Assambleyasida yana kim gʻalati voqealarni boshdan kechirdi?
Tramp BMT Bosh Assambleyasi chogʻida noqulay vaziyatga tushib qolgan yagona davlat rahbari emas edi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va uning hamrohlari Tramp korteji oʻtishi uchun Fransiya delegatsiyasining mashinasi toʻxtatilganidan keyin piyoda yurishga majbur qilingani aks etgan videolar paydo boʻldi.
Fransiya rahbari politsiyachi bilan gaplashish uchun mashinadan tushdi, biroq zobit unga davom etishiga ruxsat bermadi va Makron AQSH prezidentiga qoʻngʻiroq qildi.
“Bilasizmi? Men koʻchada kutyapman, chunki siz tufayli hamma joy yopiq”,— dedi Makron telefon orqali Trampga. Bunga AQSH yetakchisining javobi qanday boʻlganini uning oʻzi biladi faqat.
Baribir yoʻl ochilmadi va Makron BMT qarorgohiga piyoda borishga majbur boʻldi.
Koʻp oʻtmay Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning mashinasida ham xuddi shunday holat yuz berdi. “Oʻshanda Turkiya prezidenti Nyu-York koʻchalarida tirbandlikda qolgan”, — deb xabar beradi “Halk TV”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring