Mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan parlament soʻrovi natijalari muhokama markazida
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning 12-yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidovga mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi yuzasidan yuborilgan parlament soʻrovi natijalari muhokama markazida boʻldi.
Majlisda qayd etilganidek, joriy yilning oʻtgan davrida davlat idoralari, korxona va tashkilotlarda xodimlarning mehnat huquqlari, xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini taʼminlash, adolatli haq toʻlanishi va mehnat munosabatlari shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqilgan. Bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mehnat munosabatlarini demokratik va insonparvar tamoyillar asosida takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 12 840 ta davlat nazorati tadbiri oʻtkazilib, 28 801 ta qonun buzilish holati aniqlangan. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida mansabdor shaxslarga 5 715 ta yozma koʻrsatma va 150 ta taqdimnoma kiritilgan. Shuningdek, norasmiy bandlikni qisqartirish maqsadida 15 180 ta korxona xatlovdan oʻtkazilib, 69,5 ming ish oʻrni rasmiylashtirilgan.
Shu bilan birga, senatorlar ayrim yoʻnalishlarda hal etilishi zarur boʻlgan jiddiy muammolar mavjudligini ham taʼkidladilar. Jumladan, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari oʻtgan yilga nisbatan 32 foizga kamaygani sohadagi huquqbuzarliklar oshishiga xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi. Ish joylarida texnik xavfsizlik talablariga amal qilinmagani oqibatida 524 ta baxtsiz hodisa roʻy berib, 806 nafar xodim jabrlangan. Ulardan 139 nafari halok boʻlgan, 417 nafari ogʻir, 250 nafari yengil tan jarohati olgani holatning jiddiyligidan darak beradi.
Baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari sifatida ish beruvchilar tomonidan sogʻlom va xavfsiz mehnat sharoitlarining yaratilmagani, shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlashdagi yetishmovchiliklar, mehnatni muhofaza qilish qoidalariga amal qilinmagani va xodimlarning xavfsizlik madaniyatiga eʼtiborsizligi keltirib oʻtildi. Qonunbuzarliklar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan 61 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Bundan tashqari, davlat tashkilotlari tomonidan noqonuniy ishdan boʻshatilgan xodimlarni ishga tiklashga oid 261 ta sud qarori oʻz vaqtida ijro etilmagani, bu esa aholi noroziligi yuzaga kelishiga va Davlat byudjetidan qoʻshimcha xarajatlarga sabab boʻlgani senatorlar tomonidan qatʼiy tanqid qilindi.
Muhokama yakunida parlament soʻrovi natijalari boʻyicha tegishli qaror qabul qilinib, mehnat qonunchiligi ijrosi va mehnat huquqlarining kafolatlanishini kuchaytirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Uchinchi Renessansga eltuvchi maʼrifat koʻprigi: Oʻzbekiston—Pokiston hamkorligining yangi bosqichi
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring