Mehmon kelgan manzilda baraka boʻladi

17:21 14 May 2025 Jamiyat
122 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Nurota mamlakatimizning “Buyuk ipak yoʻli”dagi yirik manzillaridan biri hisoblanadi. Uning goʻzal Chashmasi ikki buloq suvidan hosil boʻlib, qishin-yozin ziyoratchilarning qadami uzilmaydi.

Majmuadagi osori atiqalar oʻtgan asrda 1912-yili mahalliy zodagon Eshoni Sudur tomonidan taʼmirlangan. Keyinchalik ateistlar hukmronligi davrida esa xurofot oʻchogʻi sifatida qaralib, ulardan turli xoʻjalik omborxonalari oʻrnida foydalanilgan.

— Chashmadan baribir sayyohlar va ziyoratchilarning qadami uzilgan emas, — deydi mehnat faxriysi Suyun Qulmonov. — Mamlakatimiz Prezidentining tumanimizga tashrifidan soʻng, Chashma fayzli maskanga aylandi. Ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, zarur infratuzilma yaratilishi natijasida ziyoratchilar, sayyohlar tashrifi bir necha barobarga oshdi. Albatta, mehmon kelgan maskanda baraka boʻladi.

Zamon, talab va mezon oʻzgarmoqda. Bugun Chashma bilan bogʻliq bunyodkorlik ishlari yana avjida. Mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Nurota tumanidagi “Chashma” ziyoratgohini Samarqand viloyatida joylashgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi bilan bogʻlovchi yoʻl tubdan taʼmirlanmoqda.

— Ushbu qaror ijrosi doirasida D074 “Mitan shaharchasi – Qoʻshrabot tumani – Nurota shahri” yoʻnalishidagi avtomobil yoʻlining 0–120 km qismini taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan, — deydi “Nurota tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi” rahbari Ravshan Norboboyev. — Nurota tumanidan oʻtuvchi 45km hamda Qoʻshrabot va Ishtixon tumanlari hududlaridan oʻtuvchi 75km, jami 120 km masofadagi avtomobil yoʻlida asfalt-beton qoplamasi yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda.

Taʼmirlash ishlarida “Nurota tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi”ga “Navoiy muntazam yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi” hamkorlik qiladi. Mazkur bunyodkorlik ishlari yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, sayyohlar uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda mintaqaning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?