Maskan xushhavo — ming dardga davo

18:06 05 Yanvar 2024 Jamiyat
373 0

Buxoro viloyatidagi “Joʻyzar” ixtisoslashgan reabilitatsiya va sogʻlomlashtirish ilmiy-tadqiqot markazida “ayollar daftari”da turuvchilarning dastlabki guruhi davolanishga kirishdi.

Gʻijduvon, Jondor, Buxoro tumanlari va Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi ayollar tibbiy tekshiruvlar, shuningdek, tor doiradagi mutaxassislar koʻrigidan oʻtib, fizioterapevtik va reabilitatsion muolajalar olmoqda.

— Mazkur maskan xushhavo goʻshada joylashgan boʻlib, yurak qon-tomir, harakat tayanch tizimi, nevrologik va oshqozon-ichak kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan, — deydi viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Mehriniso Husainova. — Shu bois “ayollar daftari”ga kiritilgan, davolanishga muhtoj yoki qaramogʻida nogiron farzandi boʻlgan 90 nafar xotin-qizni aynan shu yerda sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini koʻrilmoqda. Ana shu maqsadda “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi”dan mablagʻ ajratildi. Boshqarmamiz tomonidan bu yerda muolaja olayotganlar uchun turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Chunonchi, kuni kecha uyda oʻtirib daromad topish mumkin boʻlgan hunarlar haqida maʼlumotlar berilib, shunday yumushlar bilan band xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar koʻrgazmasi, mahorat saboqlari uyushtirildi, psixologik trening oʻtkazildi.

Ushbu xayrli ishlar davlatimiz rahbarining 2021-yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?