“Marsdan gapiramiz”: “Qizil sayyora”dan sirli toʻlqin shaklidagi tuproq izlari topildi

AQSHning Rochester universiteti olimlari Mars tuprogʻida Yerda uchraydigan, lekin faqat sovuq hududlarga xos boʻlgan toʻlqin shaklidagi tuproq qatlamlarini aniqladi. Tadqiqotchilar fikricha, bu sayyoramiz va “Qizil sayyora” oʻrtasidagi oʻxshashliklar avvalgidan ham koʻproq ekanini koʻrsatadi.
Tadqiqot «Icarus» ilmiy jurnalida chop etildi. Unga koʻra, Marsdagi ayrim landshaftlar shakli Yerning Arktika mintaqalari yoki Rokki togʻlari etaklaridagi toʻlqin shaklidagi tuproq qatlamlariga juda oʻxshash. Yerda bunday tuproq shakllanishlari asosan sovuq hududlarda, tuproq muzlab, keyinchalik asta-sekin erib, tuproq qatlamlarining sekin pastga siljishi natijasida vujudga keladi.
Marsdagi holat esa oʻziga xos: u yerda suv deyarli yoʻq, ammo olimlar muz va sovuq tufayli oʻxshash jarayonlar kechgan deb hisoblashmoqda. Farqi shundaki, Marsdagi muzlar erib suv hosil qilmasdan, bevosita bugʻ holatiga oʻtgan, yaʼni sublimatsiya jarayoni sodir boʻlgan.
Tadqiqot mualliflari, jumladan, professor Reychel Gleydd va doktorant JonPol Sleyman yuqori aniqlikdagi sunʼiy yoʻldosh suratlari yordamida Marsdagi toʻqqizta krater hududini oʻrganib chiqqan. Natijada, Marsdagi toʻlqin shaklidagi tuproq qatlamlari Yerda kuzatiladigan soliflyuksiya lobalariga juda oʻxshash ekani aniqlangan. Biroq Marsdagi qatlamlar oʻrtacha hisobda Yer dagilariga nisbatan 2,6 barobar balandroq.
Bu balandlik farqining sababi Marsdagi tortish kuchining zaifroq ekanligidadir. Yaʼni, tuproq zarrachalari qulab tushmasdan avval koʻproq balandlikka koʻtarilishi mumkin. Bu esa Mars sathida ham Yerga oʻxshash muzli davrlar kechgan boʻlishi mumkinligini tasdiqlaydi.
Olimlar fikricha, Marsdagi bunday tuproq shakllanishlarini oʻrganish “Qizil sayyora”ning iqlim oʻtmishini yanada chuqurroq anglashga, shuningdek, u yerda hayot uchun qulay muhit mavjud boʻlgan-boʻlmaganini aniqlashga yordam beradi.
Tadqiqot Mars va Yer oʻrtasidagi oʻxshashliklarni yanada koʻproq yoritib berishi, shuningdek, Marsda boʻlajak ilmiy ekspeditsiyalar uchun foydali maʼlumotlar taqdim etishi kutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring