Marrani baland olgan mirishkorlar

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Shu kunlarda markaziy Fargʻona hududida joylashgan Yozyovon tumanida qishloq xoʻjaligi xodimlari, fermerlar, suvchi-yu mexanizatorlar bugʻdoy dalalarida elimiz rizq-roʻzini nest-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olishda jonbozlik koʻrsatmoqda. Viloyatda birinchi gʻalla oʻrimiga kirishgan 199 ta fermer xoʻjaligi 6 ming 500 gektar maydonida “Asr”, “Davr”, “Vexa” hamda “Ultra” navli boshoqli don ekilib, “Fargʻonadonmahsulotlari” AJ bilan 19 ming 550 tonna gʻalla yetkazib berish boʻyicha fyuchers shartnoma tuzilgan. Gʻallani sifatli oʻrib-yigʻib olishda 23 ta otryad tuzilgan boʻlib, mavsumda 23 ta yuqori unumli kombayn qatnashmoqda.
— Qishloq xoʻjaligida ilm va innovatsiyaga asoslanib, ish olib borilsa natija beradi, — dedi Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov. — Zamon talabi asosida ishlagan fermer har tomonlama manfaatli boʻladi. Endilikda gʻalladan gektariga 50 sentner hosil olgan hech qanday foyda koʻrmaydi. Hozirda salmoqli daromad olishni maqsad qilgan fermer har gektar yerdan 90-100 sentnerni koʻzlab ishlashi zarur. Ayni paytda Yozyovon tumanidagi “Bahrombek”, “Mezon” fermer xoʻjaliklarida joriy etilayotgan yangiliklar va erishilayotgan natijalar quvonarlidir.
— Gʻallachilikda ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlar, oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda asosan urugʻlik hosil yetishtiramiz, — deydi “Bahrombek” fermer xoʻjaligi rahbari Mirzohid Olimov. — Xorijiy tajriba asosida ertapishar, kasalliklarga chidamli va serhosil navlardan mahalliy sharoitda yuqori hosil olish maqsadida ilmiy-amaliy tajribalar olib borish yoʻlga qoʻyilgan. Shu bois xoʻjaligimizda har gektar gʻalla maydonidan olinadigan hosil salmogʻi allaqachon 100 sentnerlik marrani zabt etgan. Bu yilgi maqsad yanada ulkan – hosil choʻgʻi ham shunga yarasha. Yozyovonlik gʻallakorlar joriy yilda ham nafaqat viloyatda, balki mamlakatimizda birinchilardan boʻlib bu boradagi shartnoma rejasini uddalash harakatida.
Markaziy Fargʻonaning choʻl hududida joylashgan yerda dehqonchilik qilishning oʻziga yarasha zahmatlari bor. Hududdagi 15 ta fermer hoʻjalik gʻallachilik yoʻnalishida faoliyatini olib boradi. Bu yil 580 gektar maydonda gʻalla yetishtirilib, 1343 tonna bugʻdoy yigʻib olish maqsad qilingan. Ikki kunda Yozyovon tumanining olis choʻl hududidagi “Doʻstlik”, “Ahmadjon hoji” fermer hoʻjaliklari gʻalla topshirish rejasini viloyatda birinchi boʻlib bajardi.
— Bugun agrar tarmoq vakillari har jabhada faol, — deydi Quva tumani “Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish ilmiy-amaliy markazi tomorqa xizmati” MCHJ rahbari Xursanoy Islomova. — Shu maqsadda mamlakatimizning nufuzli oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari jalb etib, fargʻonalik fermer va dehqon xoʻjaligi rahbarlarining bilim hamda amaliy koʻnikmasini oshirib borishga koʻmaklashilmoqda.
Markazda qishloq xoʻjaligidagi oʻnlab tarmoqlarni rivojlantirish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Xorijiy hamkorlik koʻlamini yildan yilga kengaytirib borish uchun Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiyaning sohaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlari bilan aloqalar tobora mustahkamlanmoqda. Yerdan baraka topayotgan fargʻonalik mirishkorlar aslo kam boʻlayotgani yoʻq. Oʻtgan yilda viloyat fermer xoʻjaliklari tomonidan sof daromad hisobiga 406 mlrd soʻmlik 1137 ta zamonaviy texnikalar sotib olindi. Fermerlar yangicha yondashuv va innovatsion yechimlar mehnat sarfi va xarajatni qisqartirish, yakunda daromad koʻlamini yanada oshirishga xizmat qilishini taʼkidlamoqda. Zero, qishloq xoʻjaligi rivoji xalqimizning dasturxoni toʻkin va hayoti toʻkis boʻlishi hamda yurtimizning iqtisodiy salohiyatini oshirish hamda qoʻshimcha qiymat zanjiri yaratishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring