Marko Rubio kelasi hafta Grenlandiya masalasida Daniya rasmiylari bilan uchrashadi
AQSH davlat kotibi Marko Rubio kelasi hafta Daniya rasmiylari bilan Grenlandiya masalasini muhokama qilish uchun uchrashishini maʼlum qildi. Bu bayonot NATO doirasida keskinlik kuchaygan, AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani qoʻlga kiritish haqidagi tahdidlari ortidan yangradi. Grenlandiya va Daniya tashqi ishlar vazirlari vaziyat yuzasidan shoshilinch uchrashuv oʻtkazishni talab qilgan.
Marko Rubio Vashington shahrida jurnalistlar bilan muloqotda Tramp maʼmuriyati Grenlandiyani qoʻlga kiritish uchun harbiy variantga tayyormi, degan savolga aniq javob bermadi. Uning aytishicha, AQSH prezidenti milliy xavfsizlikka har qanday tahdid yuzaga kelganda harbiy usuldan foydalanish imkoniyatini saqlab qoladi. Shu bilan birga, Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Parij Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda AQSHning ehtimoliy bosqiniga qanday javob qaytarish masalasini muhokama qilayotganini bildirdi.
Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt Donald Tramp diplomatiyani afzal koʻrishini, ammo harbiy harakatni butunlay istisno qilmasligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, prezident Grenlandiyani AQSH milliy manfaatlari nuqtayi nazaridan muhim deb hisoblaydi, xususan Arktikada Rossiya va Xitoy taʼsirini cheklash uchun. Levitt AQSH Grenlandiya orqali Arktika hududida yanada katta nazoratga ega boʻlishni istashini aytdi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda Grenlandiya boʻyicha oʻz pozitsiyasini bildirgan. U bir necha bor hududning kelajagi faqat Grenlandiya va Daniya ixtiyorida boʻlishi kerakligini taʼkidlagan. Shu bilan birga, Tramp ijtimoiy tarmoqda AQSH NATOni tark etmasligini yozib, ittifoq aʼzolarini mudofaa xarajatlariga kam mablagʻ ajratayotganlikda aybladi.
Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen AQSH tomonidan Grenlandiyada Rossiya va Xitoy kemalari koʻpligi haqida aytilgan daʼvolarni asossiz deb atadi. Uning taʼkidlashicha, Daniya qirolligi xavfsizlik masalalariga jiddiy yondashib kelmoqda va soʻnggi yillarda mudofaa salohiyatiga taxminan 100 milliard krona (taxminan 15,65 mlrd AQSH dollari) miqdorida investitsiya kiritilgan. Daniya parlamenti esa vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan favqulodda yigʻilish oʻtkazdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring