“Markaziy Osiyo – Xitoy”: Barqaror rivojlanish yoʻlidagi yangi geostrategik format
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo geosiyosiy makonida yangi siyosiy-iqtisodiy jarayonlar yuzaga kelmoqda. Ular orasida “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati oʻzining institutsionallashgan shakli, amaliy mexanizmlari va aniq loyihalari orqali mintaqaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi yetakchi platformalardan biriga aylanmoqda.
2023-yilda Sian shahrida oʻtkazilgan birinchi rasmiy sammit bilan bu format yangi bosqichga koʻtarildi. U Xitoyning mintaqadagi besh davlat – Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqa oʻrnatishiga yoʻl ochib, uchinchi tomonlar ishtirokisiz muloqotni taʼminlagan ilk xalqaro mexanizm sifatida tarixda qoldi.
Xitoy bu formatda oʻz tashqi siyosatini oʻzaro manfaatdorlik, farovonlik, suverenitetga hurmat va xavfsizlikni mustahkamlash tamoyillari asosida olib bormoqda. Bu esa nafaqat siyosiy hamkorlikni, balki ijtimoiy, madaniy va fan sohalarida ham aloqalarni faollashtirish imkonini yaratmoqda.
“Markaziy Osiyo – Xitoy” formati yuqori darajadagi uchrashuvlardan tortib, sohaviy forumlar, ishbilarmonlar yigʻilishi va muloqot maydonlarigacha qamrab olgan mukammal mexanizmlar tizimiga ega. 2023-yilgi sammitda 54 ta tashabbus muhokama qilindi va 19 ta hamkorlik platformasi yaratildi. Sammitlarning har ikki yilda navbatma-navbat davlatlar poytaxtlarida oʻtkazilishi ustuvor dolzarblikni taʼminlaydi.
Aniq loyihalar orqali barqaror rivojlanish
1. Qozogʻiston – Xitoy bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. U neftni qayta ishlash, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qurilish va logistika sohalarida faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Xususan, Xitoyning milliy neft korporatsiyasi (CNPC) Qozogʻistonning neft va gaz sohasida muhim rol oʻynaydi. U Qashagʻon konida 8,33 foiz ulushga ega boʻlib, “Mangistaumunaygaz” kabi yirik korxonalarning aktivlariga sarmoya kiritgan. Shuningdek, CNPC Qozogʻistonning “KazMunayGaz” kompaniyasi bilan hamkorlikda Qozogʻistondan Xitoyga neft yetkazib beruvchi Qozogʻiston – Xitoy neft quvurini boshqaradi va undan foydalanadi.
Transport sohasida ham Xitoy Qozogʻistonda temir yoʻl va avtomobil infratuzilmasini rivojlantirishga katta sarmoya kiritmoqda. Masalan, “Janubiy yoʻlak” va “Gʻarbiy yoʻlak” kabi temir yoʻl tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish ishlarida Xitoy kompaniyalari faol ishtirok etmoqda.
Ayni paytda Qozogʻiston va Xitoy oʻrtasida umumiy qiymati 28,2 milliard dollarga teng boʻlgan 96 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyihalar natijasida 22,2 mingta yangi ish oʻrni yaratildi.
2. Qirgʻiziston – Qirgʻiziston Markaziy Osiyoni bogʻlovchi muhim tranzit mamlakat sifatida oʻz oʻrnini mustahkamlab bormoqda. Buni tasdiqlovchi yana bir muhim voqea – 2024-yil 27-dekabr kuni Jalolobod shahrida Qirgʻiziston, Xitoy va Oʻzbekiston prezidentlari ishtirokida yirik temir yoʻl loyihasining tantanali ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Mazkur loyiha Qashgʻar (Xitoy) – Torugart – Makmal – Jalolobod (Qirgʻiziston) – Andijon (Oʻzbekiston) yoʻnalishi boʻyicha temir yoʻl liniyasini qurishni koʻzda tutadi. Yoʻlning umumiy uzunligi taxminan 523 kilometr boʻlib, shundan 260 kilometri Qirgʻiziston hududidan oʻtadi.
Loyiha doirasida Qirgʻizistonda asosiy qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida maxsus qoʻshma loyiha kompaniyasi tashkil etiladi. Ushbu kompaniyadagi ulushlar quyidagicha taqsimlanadi:
Xitoy temir yoʻllari – 51%
“Qirgʻiz temir yoʻli” – 24,5%
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” – 24,5%
Loyihaning umumiy qiymati 3-5 milliard AQSH dollari deb baholanmoqda. Qurilish ishlari taxminan 6-8-yil davom etadi.
Tomonlar kelishuviga koʻra, Qirgʻiziston hududidagi loyihalashtirish, xarid qilish, qurilish va boshqa asosiy ishlar uchun Xitoy tomoni masʼul boʻladi.
3. Tojikiston – Tojikiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik hamkorlik soʻnggi yillarda samarali rivojlanmoqda. Ikki davlat energetika, qishloq xoʻjaligi va infratuzilma sohalarida qator yirik loyihalarni amalga oshirmoqda.
2007–2023-yillar davomida Xitoyning Tojikistonga kiritgan investitsiyalari umumiy hajmi 3,34 milliard dollarni tashkil etdi. Shuning 1,2 milliard dollari toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalardir. Soʻnggi 20-yil mobaynida Xitoy Tojikistondagi eng yirik toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyadorlardan biriga aylandi. Agar 2004-yilda Xitoy investitsiyasining umumiy xorijiy investitsiyalardagi ulushi 9 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilga kelib bu koʻrsatkich 62 foizgacha oshdi.
Xitoy, shuningdek, Tojikistondagi “Dangʻara” va “Panj” erkin iqtisodiy zonalarini rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda. Bu hududlarda qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yoʻnalishlarda koʻplab loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda Tojikistonda Xitoy sarmoyasi ishtirokida 580 dan ortiq kompaniya faoliyat koʻrsatmoqda. Ular mamlakat iqtisodiyotining turli sohalarida ish yuritib, yangi ish oʻrinlari yaratmoqda va mahalliy rivojlanishga hissa qoʻshmoqda.
2025-yilda esa Tojikiston va Xitoyning “China Energy Engineering Group Co., Ltd.” kompaniyasi oʻrtasida qayta tiklanadigan energiya manbalari – xususan, quyosh va gidroelektr stansiyalari qurilishi boʻyicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Bu kelishuv energetika sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
4. Turkmaniston – Turkmaniston Xitoyga tabiiy gaz yetkazib beruvchi eng yirik va muhim hamkorlardan biridir. Ikki davlat oʻrtasidagi energetika hamkorligi yil sayin mustahkamlanib bormoqda.
Ayni paytda Turkmaniston va Xitoy Turkmaniston – Oʻzbekiston – Tojikiston – Qirgʻiziston – Xitoy yoʻnalishi boʻylab oʻtishi moʻljallangan toʻrtinchi gaz quvurini qurish masalasini koʻrib chiqmoqda. Yangi liniya qurilishi natijasida Xitoyga Turkmaniston gazini yetkazib berish hajmi yiliga 65 milliard kub metrgacha oshishi kutilmoqda. Shuningdek, bu gaz quvuri orqali Qirgʻiziston va Tojikistonga ham toʻgʻridan-toʻgʻri tabiiy gaz yetkazib berish imkoni yaratiladi.
Xitoy milliy neft-gaz korporatsiyasi (CNPC) Turkmanistondagi yirik gaz konlarini oʻzlashtirishda faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Bogʻtiyorliq va Galqinish kabi strategik ahamiyatga ega konlarda keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mazkur hamkorlik nafaqat ikki tomonlama manfaatlarni taʼminlaydi, balki butun mintaqa energetika xavfsizligi va barqarorligiga ham katta hissa qoʻshadi.
5. Oʻzbekiston – Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik turli sohalarda jadal surʼatda rivojlanmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik logistika, qayta tiklanadigan energiya, sanoat va transport sohalarini qamrab olib, barqaror iqtisodiy oʻsishga xizmat qilmoqda.
Mintaqaning iqtisodiy rivojlanishida infratuzilma va transport aloqalarining oʻrni katta. Oʻzbekiston va Xitoy bu yoʻnalishda ham keng qamrovli loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan,
Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston temir yoʻli – uch davlatni bogʻlovchi strategik loyiha boʻlib, uning qurilishi 2024-yil dekabrda boshlangan.
Qamchiq temir yoʻl tunneli, Xitoyning China Railway Tunnel Group ishtirokida qurilgan boʻlib, 2016-yilda ochilgan. U Markaziy Osiyodagi eng yirik temir yoʻl tunnelidir.
Sirdaryodagi multimodal logistika markazi – 2024-yil fevralda Taitong International Transport Co. kompaniyasi ishtirokida qurilishi boshlangan.
Bu loyihalar nafaqat yuk tashish samaradorligini oshiradi, balki mintaqa davlatlari oʻrtasidagi iqtisodiy bogʻliqlikni ham mustahkamlaydi.
Xitoyning ilgʻor texnologiyalari Oʻzbekiston sanoatiga kirib kelishi natijasida yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda va iqtisodiyotning turli tarmoqlari jadal rivojlanmoqda.
Avtomobilsozlik sohasida “Oʻzavtosanoat” kompaniyasi Xitoyning Sinotruk International Investment Limited va Germaniyaning MAN Truck & Bus SE kompaniyalari bilan hamkorlikda UZ Truck and Bus Motors qoʻshma korxonasini tashkil etdi. Sinotruk mazkur korxona ustav kapitaliga 12,1 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritdi.
2023-yilda “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasi tashkil etilib, 2024-yilda Jizzax viloyatida yiliga 50 ming avtomobil ishlab chiqaradigan zavod ishga tushirildi. Korxonada 1500 nafarga yaqin ish oʻrni yaratilgan boʻlib, ularning aksariyati mahalliy mutaxassislar tomonidan band etilgan. Shuningdek, 200 nafar oʻzbekistonlik mutaxassis Xitoyda malaka oshirdi.
Shu bilan birga, Sirdaryo viloyatida Peng Sheng sanoat parki Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan boʻlib, sanoat parkida turli sohalarda ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi 14 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu sanoat parkiga 94 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Parkning umumiy maydoni 102 gektarni tashkil etadi va bu yerda 1500 dan ortiq ish oʻrni yaratilgan.
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlik strategik ahamiyatga ega boʻlib, mamlakatimizning energetika, logistika, sanoat va texnologiya sohalaridagi rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Bu sheriklik faqat ikki davlat uchun emas, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun ham barqaror iqtisodiy oʻsishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati mintaqaviy diplomatiyaning samarali yoʻli sifatida qaralib, shu bilan birga barqaror rivojlanish va yaqin hamkorlikning namunasiga aylanmoqda. Xitoyning moliya, texnologiya va siyosatdagi imkoniyatlari Markaziy Osiyo davlatlarida infratuzilmani yaxshilash, sanoatni rivojlantirish va energetik xavfsizlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynaydi.
Bu hamkorlik formati kelajakda yaratiladigan yangi geosiyosiy tizimda ham ahamiyatli boʻlib, barcha ishtirokchi mamlakatlar manfaatini himoya qiluvchi va xalqaro miqyosda taʼsirga ega boʻlgan model sifatida qaralmoqda.
Shuxrat Xojimurodov, Barqaror rivojlanish markazi bosh mutaxassisi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
- Ish bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi maʼlumotlarning yaxlit tizimi yoʻqligi koʻrsatib oʻtildi
- Har bir hududda “Kasaba uyushmalari bogʻlari” tashkil etiladi
- Lamin Yamal “Barselona”ni tark etishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring