Markaziy Osiyo hamda Ozarbayjon madaniyat vazirlarining Toshkentdagi ilk uchrashuvi boʻlib oʻtdi
14-noyabr kuni Toshkentdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vazirlarining tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan ilk uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mazkur majlis mintaqadagi madaniy hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berishi bilan ahamiyatlidir.

Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Qirgʻiz Respublikasi madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri Matluba Sattoriyon, Turkmaniston madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov hamda faxriy mehmon sifatida Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli ishtirok etdi.
Tadbir qamrovi, mavzularning dolzarbligi va ishtirokchilar darajasi jihatidan ushbu majlis mintaqa uchun ilk bor bunday miqyosda tashkil etildi.

Majlis davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida madaniy aloqalarni mustahkamlash va yangi yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari keng muhokama qilindi. Xususan, uchrashuv kun tartibidan quyidagi masalalar oʻrin oldi:
Mintaqaviy madaniy hamkorlikning joriy holati va istiqbollari — madaniyat vazirlari madaniy diplomatiyani kuchaytirish, sanʼat va ijodkorlik almashinuvini kengaytirish zarurati haqida fikr almashdilar.

Madaniyat arboblari oʻrtasida hamkorlik va almashinuvni kengaytirish — ijodkorlar rezidensiyalari, qoʻshma loyihalar, festival va koʻrgazmalarni koʻpaytirish boʻyicha takliflar ilgari surildi.
Markaziy Osiyo uchun yagona madaniy brendni rivojlantirish — umumiy tarixiy ildizlar, madaniy yaqinlik va merosni birlashtiruvchi mintaqaviy brend yaratish masalasi keng koʻlamda muhokama qilindi.

Madaniyat vazirlari Toshkentda oʻtkazilayotgan keng qamrovli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ham faol qatnashdilar. Jumladan, ular Islom sivilizatsiyasi markazida oʻtkazilayotgan “Markaziy Osiyoda maʼnaviy meros va maʼrifatparvarlik” mavzusidagi xalqaro kongressda ishtirok etib, oʻz nutqlarini taqdim etdilar.
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida namoyish etilgan “Xan Sultan. Oltin Oʻrda” spektaklini tomosha qilishdi.

Mazkur uchrashuv Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon oʻrtasida madaniy diplomatiyani rivojlantirish, umumiy tarixiy va maʼnaviy merosni yangi mazmun bilan boyitish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda. Uchrashuv yakunlari mintaqada madaniy integratsiyaning mustahkamlanishiga, qoʻshma loyihalar sonining ortishiga va madaniyat sohasida barqaror aloqalarning yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring