Maktabda rekonstruksiya ishlarini bajarish masʼuliyatli boʻlishni talab etadi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda yozgi taʼtilni maroqli oʻtkazayotgan bolajonlar yangi oʻquv yili boshlanishini intiqlik bilan kutishmoqda. Ayniqsa, ular taʼlim olayotgan maktabda taʼmirlash ishlari amalga oshirilsa, bu oʻgʻil-qizlarimizni ikki hissa quvontirishi turgan gap.
Afsuski, baʼzi quruvchilar kelajagimiz vorislari qalbidagi bunday tuygʻularni tushunib yetavermaydi. Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan olib borilayotgan monitoring shunday xulosa chiqarishimizga asos boʻladi.

Ushbu inspeksiya mutaxassislari Qoʻqon shahridagi 16-umumtaʼlim maktabida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlarida qoidabuzarlik holatlarini aniqladi. Hozir bu taʼlim maskanida “Infratuzilmani rivojlantirish injiniring kompaniyasi” davlat muassasasi Fargʻona viloyat hududiy boʻlimi buyurtmachiligida pudratchi “Zamon qurilish taʼmir“ MCHJ tomonidan qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilyapti.
— Maʼlum boʻlishicha, obyektda texnik, mualliflik va ichki nazorat boʻyicha mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borilmagan, — deydi Fargʻona viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boʻlim boshligʻi Dilmurod Saparov. — Shuningdek, binoning baʼzi qismida gʻisht devor tiklash ishlari loyihadan chetga chiqqan holda sifatsiz bajarilgan. Ishchi loyiha hujjatida koʻrsatilgan simlardan foydalanilmagan, gʻisht devorlarni tiklashda sement-qum qorishmasi oʻrniga ohak-qum qorishmasi ishlatilgan.
Oʻz navbatida, devorlarga gʻisht terish loyiha yechimlari va qurilish meʼyorlari talablariga zid ravishda bajarilgan, yaʼni devorlarning mustahkamlik holatiga putur yetkazilgan.

Oʻrganish natijada aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan qurilish obyekti boʻyicha masʼul shaxslarga yozma koʻrsatmalar berildi, sifatsiz va loyihadan chetga chiqqan holda bajarilgan qurilish ishlari joyida buzdirildi. Qurilish obyektining nazoratchilari hamda pudratchi tashkilot rahbariga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddasiga koʻra maʼmuriy chora koʻrilishi taʼminlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta dubulgʻa” musobaqasi boshlandi
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring