Maktab ochgan birinchi jadid

16:32 19 Sentyabr 2024 Jamiyat
397 0

Abdulaziz Yoʻldoshev/“Xalq soʻzi”. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat boʻlimi va Jomboy tuman hokimligi hamkorligida maʼrifatparvar alloma, jadidchilik harakatining yirik namoyondasi – Saidahmad Siddiqiy-Ajziy tavalludining 160-yilligi nishonlandi. Ushbu sana munosabati bilan Jomboy tumanida taʼlim sohasi vakillari, fuqarolar va yoshlar ishtirokida “Saidahmad Siddiqiy-Ajziy va uning adabiy merosi” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Tadbir tumandagi muqaddas qadamjo – Imom Shamsulayimma Abdullaziz ibn Ahmad – Holvoyi maqbarasi ziyorati bilan boshlandi. Islom tarixi boʻyicha mutaxassis, “Shayx Xudoydod Vali” jome masjidi imom-xatibi Anvar Ahmedov qishloqning ming yillik tarixi, unda yetishib chiqqan allomalar haqida soʻz yuritdi.

Anjuman Ajziy tomonidan shu qishloqda bundan 120-yil avval barpo etilgan, Markaziy Osiyodagi ilk va zamonaviy maktabda davom etdi. Adabiyotshunos olimlar, taniqli shoir va yozuvchilar buyuk alloma, jadidchilik namoyandasi hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey faoliyati bilan tanishdi.

Saidahmad Siddiqiy-Ajziy XIX asr oxiridayoq texnikadan yaxshigina xabardor boʻlgan, dunyo koʻrgan maʼrifatparvar edi. U arab, rus, fors tillari bilimdoni, shoir va tarjimon sifatida matbuotda faol boʻlgan. Darsliklar yaratgan, oʻqituvchilik qilgan. Alloma 1917-yil fevral inqilobidan keyin ijtimoiy harakatlarda ham bevosita ishtirok etadi. Viloyat adliya komissari oʻrinbosari lavozimida ishlaydi. Uning barcha asarlarida “Najot faqat ilmda” degan gʻoya ilgari suriladi. Samarqandda oʻzbek va tojik tillaridagi “Mashrab”, “Mulla Mushfiqiy” kabi hajviy jurnallarni, “Zarafshon” gazetasini chiqarishda faol ishtirok etgan. “Mayna”, “Ginagina”, “Shashpar”, “Tir”, “Gumnom”, “Olmos” imzolari bilan hajviy asarlar yozgan. Ularda shoʻro tuzumida yuz berayotgan oʻzgarishlarni xushlamaslik, kelajakdan xavotirlanish kayfiyatlari seziladi.

1903-yilda Halvoyi qishlogʻida shoir qurdirgan maktab bugun ham bor. 2022-yilda Saidahmad Siddiqiy-Ajziyning “Tanlagan asarlar” kitobi chop etildi.

— Saidahmad-Siddiqiy Ajziy bobomiz jomboyliklar qalbiga cheksiz faxr-iftixor bagʻishlaydi, — dedi tuman hokimi Qayum Sobirov. — Hazratning xizmatlari oldida oʻzimizni maʼnaviy qarzdor his qilamiz. Joriy yil ulugʻ bobomiz tavalludlariga 160-yil toʻlmoqda. Ushbu sana munosabati bilan oʻtkazilayotgan mazkur anjuman ana shu burchimizni bajarish, allomaning ilmiy-adabiy merosini chuqurroq oʻrganish, farzandlarimizga oʻrgatish yoʻlidagi kichik qadamdir.

Bunday ajdodlarimiz shaxsini yoshlar, yurtdoshlarimizga yaqindan tanitish maqsadida tuman markazidagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot maktabida tashkil etilgan ilmiy-amaliy anjumanda bir guruh allomalar, shoir va yozuvchilar jadidchi maʼrifatparvarning hayot va ijod yoʻli, ibrat maktabi haqida batafsil gapirib berdi. Jadid bobomizning kelajak avlodga qoldirgan boy merosi ilmiy tahlil qilindi.

Anjuman ishtirokchilari mahalladagi qadimiy tarix guvohi boʻlgan 1250-yillik chinor soyasida maʼrifat, ijod haqida aholi vakillari bilan mazmunli suhbat qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер