Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti bilan bogʻliq ruxsatnomalarni berish tartibi soddalashtirilmoqda
Foto: Davron Ernazarov
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti bilan bogʻliq ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish, shuningdek iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlar natijasida yetkazilgan zararni baholash mexanizmlarini aniq belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.
Amaldagi “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti toʻgʻrisida”gi Qonunda tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran oʻttiz kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, zarur hollarda esa mazkur muddat uzaytirilishi mumkinligi belgilangan.


Biroq Qonunda ushbu muddatni uzaytirishga asos boʻluvchi holatlar hamda uzaytirilishi mumkin boʻlgan muddat chegarasi aniq belgilanmagan.
Amaldagi qonunchilikdagi boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida muhokama qilinayotgan Qonun bilan tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ariza olingan kundan eʼtiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi, mazkur muddatni uzaytirishga asos boʻluvchi holatlar hamda uzaytirish mumkin boʻlgan muddat chegarasi aniq belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, ushbu Qonun bilan “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga ham tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.


Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan ushbu yoʻnalishdagi ishlar samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritishni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Qoʻmita aʼzolari tomonidan uning qabul qilinishi maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti hajmini oshirishga, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.


Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Turkiy xalqlarning maʼnaviy yalovbardori
- Oʻz xalqini Siz kabi chin dildan sevadigan davlat rahbarini uchratmadim – “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan
- Rossiya Osiyo grandni magʻlub etdi
- Saida Mirziyoyeva Bryusselda Yevropa Ittifoqi komissari bilan uchrashdi
- Imtiyozli shartlarda pensiyaga chiqish huquqini beruvchi roʻyxatni tuzish tartibi belgilandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring