Mahalla servis kompaniyasi aholi xizmatida

15:04 29 Sentyabr 2025 Jamiyat
187 0

Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Doʻstlik” mahallasida boʻlganmisiz? Uch ming olti yuzdan ziyod aholi, 685 xonadon, 1100 oilalardan iborat bu mahallada dehqonchilik va chorvachilik rivojlangan boʻlib, bu mahallada ilgʻor tadbirkorlar, tajribali chorvadorlar istiqomat qiladi. Bugungi kunda qulupnaychilik va qoʻziqorin yetishtirishda boy tajribaga ega boʻlib, shu sohalarni zamonaviy texnologiyalar yordamida rivojlantirayotgan ishbilarmon tadbirkorlar ham shu mahallada yashaydi. Oʻn uchta koʻchadan iborat mahalla kundan-kunga yashil makonga aylanmoqda.

Hozirgi kunda tajriba tariqasida mamlakatimizdagi 208 ta mahallada tashkil etilgan “mahalla servis kompaniyalari” Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Doʻstlik” mahallasida faoliyat yuritmoqda. “Mahalla servis kompaniyasi”ning ilk bor shu yerda ochilishi uning “Eng namunali mahalla” deb topilganidan dalolat beradi. Yaqinda ochilgan mazkur kompaniyada 23 turdagi xizmatlar mavjud.

– Mahalla servisi mahallalar obodligini taʼminlash, aholi va kommunal xizmat tashkilotlari oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida tashkil etilgan, – deydi “Doʻstlik” mahallasi raisi Rustam Xudoyberdiyev. – Servis kompaniyalari xizmatlariga toʻlov qilish uchun mahalla fuqarolar yigʻinlariga har oy 20 million soʻmdan mablagʻ ajratildi. Ularning aholiga 20 dan ortiq ijtimoiy pulli xizmatlar koʻrsatishi imkoniyati ham yaratildi. Bunda mahallada yashovchi ustalar va vaqtincha ishsizlarning bandligi ham taʼminlanmoqda.

Mahalla orastaligini taʼminlash, chiqindilarning oʻz vaqtida olib ketilishini nazorat qilish, gilam yuvish, daraxtlarni kesish va shakl berish, oqlash, tomorqalarni tartibga keltirish kabi yumushlarni bajarishga 7 nafar xodim ajratilgan. Ular buyurtmalarni olib, shartnoma asosida faoliyat yuritadi.

Biz “Mahalla servis kompaniyasi”ning ish faoliyati bilan tanishish maqsadida kelganimizda, obodonlashtirish xodimi Abdurahim Tastanbekov Muhriddin Mirxoʻjayevni mahallaning “Doʻstlik” koʻchasi 27-uyda istiqomat qiluvchi Loyan Rahimning xonadoniga buyurtmani bajarish maqsadida joʻnatayotganining guvohi boʻldik. Kompaniya xodimi Muhriddin ish qurolini olib, buyurtmani bajarishga, yana bir xodim Gulnora Sidiqova esa mahalla fuqarolar binosi yonidagi daraxtlarni sugʻorib, tevarak-atrofni tartibga keltirishga otlanishdi.

“Mahalla servis kompaniyasi” mahalla hududida joylashgan holda, tevarak-atrofi gulzor, goʻzal maskan boʻlibdi. Davlat tomonidan 70 million soʻmga berilgan 12 xil turdagi asbob-anjomlar uchun alohida xona ajratilgan. Kimga qanday uskuna kerak boʻlsa, bemalol olib ketaveradi.

– Mehnat faoliyatimizni yondosh hududlardagi mahalla raislari ham kelib oʻrganmoqda. Qoʻshni “Qorasuv”, “Tinchlik”, “Uygʻur”, “Taraqqiyot” va “Xalqobod” mahallalariga ham xizmat koʻrsatyapmiz, – deydi kompaniya rahbari Umidjon Aliyarov.

Mahalla tizimidagi bunday imkoniyatlarga boy oʻzgarishlar kelajakda yaxshi natijalar berishiga ishongan mahalla ahli nurli manzillar tomon dadil odimlamoqda.

Otabek ISROILOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер