“Lion” klubi “Liga 2”ga “badargʻa” qilindi

15:18 25 Iyun 2025 Sport
145 0

Fransiyaning “Lion” klubi moliyaviy muammolar tufayli rasman “Liga 2”ga tushirilgani eʼlon qilindi. Klub moliyaviy holatini nazorat qiluvchi DNGC tashkiloti vakillari joriy yilning noyabr oyida klubga vaqtinchalik tushirish jazosi tayinlagan edi. Biroq 18-iyun kuni klub rahbariyati, jumladan, asosiy aksiyador Jon Tekstor moliyaviy ahvol yaxshilanganini isbotlay olmagan.

Eslatib oʻtamiz, Tekstorga tegishli “Eagle Football Group” kompaniyasi “Lion” klubining 77 foiz ulushiga egalik qiladi. Oʻtgan yil oktabr oyida kompaniya 422 million funt qarzdorlik haqida eʼlon qilgan edi.

“Lion” klubi mazkur qarorni “tushunarsiz” deb atadi va unga rasman apellyatsiya berishini bildirdi. Klub bayonotida aytilishicha, klub ikki yil ketma-ket Yevropa musobaqalariga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan va moliyaviy taʼminot boʻyicha barcha shartlarni bajargan.

Klub yanvar oyida Maksens Kakreni “Komo”ga, iyun oyida esa Rayan Cherkini “Manchester Siti”ga sotib, 45 million yevro atrofida daromad topgan. Bundan tashqari, Aleksandr Lyakazett va Antoni Lopes kabi yuqori maosh oluvchi futbolchilar ham jamoani tark etgan.

Agar apellyatsiya rad etilsa, “Lion” oʻrnini “Liga 1”da pley-offda “Mes”ga yutqazgan “Reyms” egallaydi. Maʼlumot uchun, “Lion” Fransiya chempionatida yetti marta zafar quchgan va 2020-yilda Chempionlar ligasi yarim finaligacha yetib borgan. Klub 1989-yildan buyon ikkinchi divizionda harakat qilmagan edi.

Mazkur vaziyat Angliyaning “Kristal Pelas” jamoasining Yevropa Ligasi yoʻllanmasiga ham taʼsir qilishi mumkin. Sababi, UEFA qoidalariga koʻra, bir mulkchilik tuzilmasiga mansub ikki jamoa bir musobaqada qatnasha olmaydi.

Agar “Lion” “Liga 1”dagi oʻtgan mavsumda qoʻlga kiritgan 6-oʻrin natijasidan mahrum etilsa, “Kristal Pelas” oʻz oʻrnini saqlab qoladi. Klub Angliya kubogidagi gʻalaba evaziga Yevropa Ligasiga yoʻllanma olgan edi, ammo “Lion”ning yuqori ligadagi natijasi Yevropa yoʻllanmalarini qayta taqsimlash ehtimolini keltirib chiqargan edi. Hozircha UEFA rasmiy qarorini eʼlon qilmagan, “Kristal Pelas” esa aniq javob kutmoqda. Fransiya futbol rasmiylari “Lion” natijalarini bekor qilgan taqdirda ham, apellyatsiya jarayoni uzoq davom etishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер