“Limon guli sayli” festivali oʻtkazildi

17:40 28 Aprel 2025 Jamiyat
314 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Uchkoʻprik tumanidagi “Bogʻi Abdurahmon ota” fermer xoʻjaligida mamlakatimizda ilk bor “Limon guli sayli” festivali hamda limon yetishtirish, saqlash, qayta ishlash hamda eksport qilish masalalariga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar boʻlib oʻtdi.

Tadbir Fargʻona viloyati hokimligi, Sitrus, subtropik va tropik oʻsimlik yetishtiruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil qilindi. Unda yurtimizning barcha hududlaridan 200 nafardan ziyod limon yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaligi rahbarlari, shaxsiy tomorqa yer egalari hamda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlar ishtirok etdi.

Yuzma-yuz muloqotda limonchilikni rivojlantirish sohasidagi davlat dasturlari, bu borada ilmiy va innovatsion yondashuvlar, xalqaro tajriba hamda tijorat banklarining imtiyozli kreditlari boʻyicha oʻzaro tajriba almashildi.

Limon yetishtirishda Uchkoʻprik tajribasi, tumanda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi. Oʻz navbatida, limonni qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish boʻyicha yangi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.

— Ayni paytda tumandagi “Qurbonqashqar”, “Oqsuv”, “Bogʻiboʻston”, “Oltin vodiy”, “Sariqoʻrgʻon”, “Tojik”, “Soyboʻyi”, “Katta qashqar” mahallalarida 3 ming 823 ta xonadonda 766 gektar maydondagi issiqxonalarda limon yetishtirilmoqda, — deydi Uchkoʻprik tumani hokimi Qodirjon Erkaboyev. — Vazirlar Mahkamasining joriy yil 2-aprelda qabul qilingan “Respublikada limonchilik sohasini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Uchkoʻprik tumanida bu yil yana 800 ta xonadonni, 2026-yili esa 1 ming 20 ta xonadonni limonchilikka ixtisoslashtirish hamda qariyb 100 gektar maydonda yangi issiqxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.

Aytish joiz, festival va koʻrgazmali seminar davomida “Katta qashqar” MFY hududida limon yetishtirishni yanada koʻpaytirish uchun 30 ta issiqxona qurilishiga kirishildi. Shu tariqa bosqichma-bosqich issiqxonalar soni va hosildorlik salmogʻini oshirib borish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?